Sirdaryo viloyati hokimligi axborot xizmatining maʼlum qilishicha, audioyozuvning haqqoniyligi, holat qachon, qayerda va qanday vaziyatda yuz berganligiga oydinlik kiritilib, viloyat hokimligi Odob-axloq komissiyasi yigʻilishida keskin tanqidiy muhokama etilgan.
Komissiya tomonidan ushbu xatti-harakatlar davlat xizmatchisi etikasi va odob-axloq qoidalarini buzish, deb baholandi.
Oʻz navbatida tuman hokimi holat boʻyicha tushuntirish berdi. Yuzaga kelgan vaziyatdan pushaymonligini aytdi. Ikkinchi tomon bilan suhbatlashgani, oʻzaro munosabatlaridagi yoqimsiz hodisaga toʻliq barham berilganini bildirdi.
Hozirda yigʻilish bayonnomasi asosida Dilfuza Uralovaga nisbatan tegishli tartibda intizomiy jazo choralarini koʻrish uchun viloyat hokimiga taqdimnoma kiritilgan.