Usmon Yusupovning mehnat faoliyatida Sirdaryo viloyati Boyovut tumani, hozirgi Hosilobod mahallasi, sobiq 4-“Boyovut” davlat xoʻjaligi bilan bogʻliq sahifa ham bor. U.Yusupov xoʻjalikka 1955-1960-yillar davomida rahbarlik qilib, avvalo, xalqning yashash turmushini yaxshilashga katta eʼtibor qaratgani hali-hamon el tilidan tushmaydi. Hududda yashovchi yoshi ulugʻ insonlar u kishini hurmat bilan “Usmon ota” deb eslashadi.

U.Yusupovning fidokorona mehnatlariga hurmat ramzi sifatida sobiq “4-Boyovut» davlat xoʻjaligining markazi, hozirda “Hosilobod” nomli mahallada 1990-yil Usmon Yusupovning byusti oʻrnatilgan.

Ammo oʻtgan davr mobaynida ushbu xotira timsoli boʻlgan maydon biroz eʼtibordan chetda qolib ketgan edi.

Hozirgi kunda U.Yusupov xotira maydoniga tutash joydan yer maydoni ajratilib, “Hosilobod” mahalla fuqarolar yigʻini uchun yangi idora binosi qurib bitkazildi.

Bir vaqtning oʻzida xotira maydoni ham rekonstruksiya qilinib, zamonaviy meʼmoriy talablar asosida taʼmirlandi. Yangidan barpo etilgan bogʻ Usmon Yusupov nomi bilan nomlandi.

Xotira majmuasi 8 gektar maydonda joylashgan.

Bugun ana shu xotira maydonining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Foto: Sirdaryo viloyati hokimligi

Unda viloyat va tuman sektor rahbarlari, faxriy mehmonlar va keng jamoatchilik ishtirok etdi.

Foto: Sirdaryo viloyati hokimligi

 

Foto: Sirdaryo viloyati hokimligi

Oʻylaymizki, ushbu obodonlashtirish ishlari el-yurt manfaatlari yoʻlida sidqidildan xizmat qilgan, oʻzidan xayrli va oʻchmas iz qoldirgan Usmon Yusupovga xalqimizning minnatdorlik ifodasi boʻlib qoladi.

Foto: Sirdaryo viloyati hokimligi

Muxtasar aytganda, ushbu yodgorlik majmuasi bizni ajdodlar xotirasiga hurmat va ehtirom ila munosabatda boʻlishga undashi barobarida, har bir yurtdoshimiz, ayniqsa, yoshlarimiz qalbi va ongida vatanparvarlik, oʻz xalqiga muhabbat, sadoqat tuygʻularini mustahkamlaydi.

Sirdaryo viloyati hokimligi Axborot xizmati