2022-yildan boshlab har ikki yilda bir marta aprel oyida Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida “Boysun bahori” xalqaro folklor festivali oʻtkaziladi.
“Boysun bahori” xalqaro folklor festivaliga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita tarkibi va uni oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida Nizom tasdiqlandi. Nizom bilan festivalni oʻtkazish shartlari, shu jumladan, unda folklor jamoalari (folklor sanʼati boʻyicha 12 nafardan, milliy xalq oʻyinlari va tomosha sanʼati yoʻnalishida 4 nafardan oshmagan holda) tomonidan oʻz dasturlarini namoyish etish talablari belgilandi.
Shuningdek, festival ishtirokchilarini 9-11 nafar yetakchi mutaxassislardan iborat tarkibda tuziladigan hakamlar hayʼati har bir aʼzosi tomonidan alohida tarzda 10 ballik tizim boʻyicha baholash va gʻoliblarni aniqlash mezonlari belgilandi.
Festivalni tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq sarf-xarajatlar Surxondaryo viloyati hokimligi va Madaniyat vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan hamda Tashkiliy qoʻmita tomonidan tasdiqlangan smeta asosida quyidagi tartibda:
30 foizi — respublika byudjetidan Madaniyat vazirligiga madaniy tadbirlar uchun har yili ajratiladigan mablagʻlar hisobiga;
70 foizi - Surxondaryo viloyati mahalliy byudjetining qoʻshimcha manbalari, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga qoplanadi.