Festival Farg‘ona viloyati, Marg‘ilon shahridagi “Vodiy gavhari” — “Burhoniddin Marg‘inoniy” ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasida tashkil etiladi.

Uch kun davomida mehmonlar Marg‘ilonning boy madaniy merosi, milliy hunarmandchilik an’analari hamda ipakchilik va to‘qimachilik sohasida shakllangan ko‘p asrlik tajriba bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ladi.

Festival dasturidan milliy atlas va adras namunalarining namoyishi, milliy liboslar ko‘rgazmasi, hunarmandchilik an’analarini aks ettiruvchi taqdimotlar hamda Marg‘ilonning o‘ziga xos madaniy merosini targ‘ib etishga qaratilgan tadbirlar o‘rin oladi.

Marg‘ilon atlasi va adrasi nafaqat milliy to‘qimachilik san’atining muhim qismi, balki o‘zbek xalqining an’analari va boy madaniy merosini o‘zida mujassam etgan noyob hunarmandchilik namunasidir.

“Marg‘ilon atlasi & adrasi” festivali milliy qadriyatlarni asrab-avaylash, an’anaviy hunarmandchilikni keng targ‘ib qilish va Marg‘ilon shahrining turistik salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.