Innovatsiyalar, ixtirolar, g'oyalar barchasi xayotimizning ajralmas bir qismiga aylanmoqda. Shu sababli, oxirgi yillar qiziqarli loyihalari bilan ko'zga tashlanayotgan yoshlar oramizda ko'pchilikni tashkil etayotgani hech kimga sir emas. SHulardan biri SHoxruh Begmatovdir. U o'zining mexatronika sohasiga bo'lgan qiziqishi bilan bir nechta loyihalarini taqdim etdi va ko'pchilikning nazariga tushishga ulgurdi.

Hozirgi kunda mamlakatimizda raqamlashtirishni rivojlantirish va texnologiyalarni hayotga tadbiq etish, yoshlar orasida mexatronika va robototexnika sohasini tadbiq etish yo'lida bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda. O'tkazilayotgan qator tanlovlar, IT park, coworking markazlari tashkil etilishi barchasi imkoniyatlar darajasini kengaytirish yo'lida qilinayotgan ishlar, desak mubolag'a bo'lmaydi. Aynan mana shunday tanlovlardan biri sifatida Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy- amaliy markazi hamda Yoshlar akademiyasi tomonidan yil davomida ikkinchi bora tashkil etilgan “Technoways” texnologik rivojlanish marafoning 2- mavsumini misol keltirishimiz mumkin.

O'zining atrofida iqtidorli innovatorlarlarni yig'ishga sazovor bo'lgan technoways yoshlar loyihalarini hayotga joriy etish va yanada mukammal darajada keltirishga har tomonlama ko'mak bermokda. Musobaqaning qay tarzda borayotgani, yoshlarimiz qanday ixtirolar bilan ishtirok etayotganini bilish maqsadida "Technoways" marafoni ishtirokchilaridan suhbat oldik. Loyihalar orasida Brayl keybord e'tiborni tortdi va ushbu ixtiro egasi ya'ni iqtidorli yoshlarimizdan biri Muxammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari  universiteti Telekommunikatsiyada boshqaruv tizimlarining apparat va dasturiy ta`minoti kafedrasi assistenti SHoxruh Begmatov fikrlari bilan o'rtoqlashdik.

— “O'rta maktab yoshida o'qib yurgan kezlarimda elektronika sohasiga qiziqishim ortib, kichik va oddiy bo'lsada dastlabki loyixalarni yaratishni boshlanganman. Kundan kunga bu sohaga qiziqishim ortib borgach, oliygohda o'qib yurgan davrlarimga borib dasturlanuvchi qurilmalarni yaratish va asta-sekin bunday loyihalarni tatbiq eta boshladim. “Technoways” marafoniga taqdim etayotgan loyihamga qadar ta'lim sohasi, ishlab chiqarish korxonalari avtomatikasi, robototexnikaga aloqador ishlanmalarni yaratganman. SHunday ixtirolardan biri — bu imkoniyati cheklangan shaxslar uchun o'zbek tilida gapiruvchi mobil telefonning prototipini yaratishga muvaffaq bo'lganman. Bugun “Technoways” marafonida Brayl keybord loyixasi bilan ishtirok etayapman. Ushbu loyiha haqida gapiradigan bo'lsam, bilamizki, jamiyatimizda imkoniyati cheklangan insonlar texnologiyalardan to'laqonli foydalanishda biroz qiynalishadi. Mobil aloqa, kompyuter va boshqa turli hozirgi zamon texnologiyalari bunga misol bo'la oladi. SHularni e'tiborga olib, ko'rish imkoniyati cheklangan insonlar uchun mobil telefondan foydalanish uchun mahsus ovozli dasturiy ta'minotlar ishlab chiqdim. Brayl keybordlari yangilik emas, ular allaqon yaratilgan, ammo sensor displeyga matnlarni kiritish muammosi hozirgi kungacha ochiqligicha qolmoqda. Kerakli simvolni ovozli xabar yordamida aniqlash, uni kiritishda foydalanuvchidan ortiqcha vaqt talab etiladi, muloqot almashinuv jarayonining esa sekinlashishiga sabab bo'ladi. Ushbu Brayl keybord orqali klaviatura yordamida bu jarayonni osonlashtirish va tezlashtirish imkonini yaratishga harakat qildim.

Oddiy keybordlar hajmi jihatidan kattaroq, ammo telefonlarga yaratilayotganda klaviaturadagi barcha simvollar mobil telefon o'lchamiga moslab loyihalash, tugmalarining hajmi kichiklashishiga to'g'ri keldi. O'z navbatida, bunday natijaga erishish uchun ancha qiyinchilikliklar tug'dirdi, jumladan, kichik tugmalar aniqlikning yo'qolishiga sabab bo'ldi. Muammoning echimi topish maqsadida simvollarni tugmalar kombinatsiyasi, ya'ni Brayl alifbosi yordamida kodlash funktsiyasini qo'lladim.

YAratilgan 6 nuqtali Brayl kombinatsiyalari soni alifbodagi harflar va raqamlarni ifodalash uchun etarli sig'imga va imkoniyatga ega. Qurilmaga qo'shimcha tarzda probel, o'chirish tugmalari ham kombinatsiya ko'rinishida kiritilgan. Bu tugmalar orqali yozilgan so'zlarni o'chirish imkoniyati mavjud.

Qurilma har qanday mobil tefon qurilmasiga standart klaviatura sifatida ulanishi mumkin. Qurilma har qanday operatsion tizimda ishlay oladi. Misol uchun: windows, android, iOS va boshqalar.

Mobil telefonda foydalanganda qulaylik yaratish uchun qurilmaning orqa qismida magnit tutqichlar joylashtirilgan. Qurilma to'liq O'zbekiston sharoitida ishlab chiqilgan va uni sanoat darajasidagi ko'rinishga keltirish imkoniyatlari ham ishlab chiqilgan” – deydi  Shoxrux.

Albatta yoshlarimizdagi bunday shijoat va loyihalar to'g'risida eshitganda ular nechog'lik qiziquvchan va yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanyotganidan quvonasan kishi. O'ylaymizki, SH.Begmatov tomonidan yaratilgan Brayl keybord loyixasi yaxshi natija berib, mamlakatimizdagi imkoniyati cheklangan insonlar uchun qulay qurilma bo'lib xizmat qiladi.

Aziza ASLANOVA,

Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi matbuot kotibi