Maʼlumki, JCH-2022 saralashi doirasidagi Braziliya va Argentina oʻrtasidagi 2021-yil 5-sentyabrdagi bahs uchrashuvning 4-daqiqasida toʻxtatilgan edi. Bunga Argentinaning 4 futbolchisi – Buendia, Martines, Lo Chelso va Romero pandemiya talablariga amal qilmay Braziliyaga kelgani asos qilib koʻrsatilgandi.
FIFA apellyatsiya qoʻmitasi Braziliya Futbol konfederatsiyasi – CBF va Argentina Futbol assotsiatsiyasi – AFA tomonidan berilgan arizalarni koʻrib chiqdi hamda Xalqaro futbol federatsiyasi tartib-intizom qoʻmitasining oʻyinni qayta oʻtkazish haqidagi qarorini tasdiqladi. Har ikki tashkilot 50 ming Shveysariya franki miqdorida belgilangan jarimani toʻlaydigan boʻldi.
Bundan tashqari CBFdan tartib va xavfsizlikka oid qoidabuzarliklar uchun 250 ming frank, AFAdan esa oʻyinga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha majburiyatlarni bajarmagani uchun 100 ming frankdan jarima undiriladi.