Braziliyaning janubi-sharqidagi Petropolis shahrida kuchli yomg'ir va ko'chkilar oqibatida halok bo'lganlar soni kamida 104 nafarga etdi, deya xabar bermoqda Kazinform.
Keyingi suv toshqinlari va ko'chkilar natijasida tog' yonbag'irlari va pasttekisliklarda joylashgan uylar va avtomashinalarni suv oqizib ketgan. Rio-de-Janeyro gubernatori Klaudio Kastro matbuot anjumanida mintaqada 1932-yildan buyon eng kuchli yomg'ir yoqqanini aytdi.
Rio-de-Janeyro yong'in va fuqarolik mudofaasi departamenti halok bo'lganlar va bedarak yo'qolganlarning aniq soni noma'lumligini bildirdi. Chorshanba kuni kechqurungacha 104 kishining jasadi topilgan, ulardan sakkiz nafari bolalar, 35 dan ortiq odamning qaerdaligi noma'lumligicha qolmoqda, 24 kishi qutqarib olindi. Suv toshqinlari kamida 54 uyni vayron qilgan. Xavfli hududlarda yashovchi 370 dan ortiq aholi uylaridan evakuatsiya qilindi va vaqtincha mahalliy maktablarga joylashtirildi. Ayni paytda shaharda qayta tiklash ishlari olib borilmoqda.
Petropolis meriyasi fojia munosabati bilan 3 kunlik motam e'lon qildi. «Imperator shahri» nomi bilan tanilgan Petropolis shahri (munitsipaliteti) XIX asrda Braziliya imperatorlarining yozgi qarorgohi sifatida tashkil etilgan. Tog'li hududda joylashgani sababli yozda yumshoq iqlimi bilan ajralib turadi. Bugungi kunda shahar aholisi soni 300 mingga yaqin.