Paxta yetishtirish bo'yicha dunyoda yetakchi davlatlar qatorida turamiz. Uzoq yillar ko'plab malakatlarni paxta xomashyosi bilan ta'minlaganimiz ham rost. Ammo so'nggi yillarda har sohada katta o'zgarishlarga yuz tutayotgan Yangi O'zbekiston jahon maydonida endi nafaqat ishlab chiqaruvchi, balki qayta ishlovchi mamlakat sifatida o'z o'rniga ega bo'lib bormoqda.
Iqtisodiyotimizning muhim qismi bo'lgan yengil sanoat sohasi ham ana shu o'zgarishlar epkinida rivojlanib boryapti. Yodimizda, “Paxta o'zimizniki, uni qayta ishlashga imkoniyatimiz bo'lsa, nega endi dalada mehnat qilib, har yili olingan tonna-tonna xomashyoni xorijga arzonga sotamizu, keyin o'zimiz ulardan trikotaj mahsulotlarini bir necha barobar qimmatga import qilamiz”, degan savollar ichimizni tirnab kelgan. Uzoq yillar milliy boyligimiz bo'lmish paxtadan ip-kalava mahsulotini ishlab chiqarishgagina qodir bo'ldik. Aslida esa, imkoniyatlarimizning shugina qismidan foydalanardik xolos...
Prezidentimizning 2019-yil 16-sentyabrdagi “Yengil sanoatni rivojlantirish va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni rag'batlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori hamda sohada boshlangan katta islohotlar yangi-yangi muvaffaqqiyatlarga yo'l ochdi. Yengil sanoat sohasi alohida katta tarmoq, tadbirkorlikning o'ziga xos yo'nalishlaridan biriga aylandi. Paxta tolasini chuqur qayta ishlab, o'zbek brendi ostida trikotaj mahsulotlari tayyorlaydigan, xorij davlatlariga eksport qiladigan korxonalar soni orta boshladi.
Ahamiyatlisi, bugun tarmoqda tashkil etilayotgan to'qimachilik, tikuvchilik va trikotaj ishlab chiqarish korxonalarining asosiy qismi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari hissasiga to'g'ri kelyapti.
Klaster yaratayotgan imkoniyatlar
O'zim ham ish faoliyatimni tadbirkor sifatida Andijon viloyati Shahrixon tumanida “Saxovat Teks” MCHJ qo'shma korxonasini tashkil etib, paxta tolasidan yigirilgan ip ishlab chiqarishdan boshlaganman. O'sha kezlari bu yo'nalish yurtimizda endi rivojlanayotgan edi. Asta-sekin zamonaviy tikuv mashinalari xarid qilib, import o'rnini bosuvchi bolalar va kattalar kiyimlarini ishlab chiqarish va eksport qilishni yo'lga qo'ydik. Keyinroq boshlangan islohotlar bizga yanada kuch berib, shiddat bilan qadam tashlashga undadi. Qalbimdagi o'zbek tekstil mahsulotlarini jahon bozoriga olib chiqib, xorijliklar egnida o'zimizning liboslarni ko'rish ishtiyoqini alangalatdi. Sohada berilgan imtiyozlar maqsadlarimizga qanot bo'ldi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan klasterlarning tashkil etilishi imkoniyatlarimizni yanada kengaytirdi. Hozir korxonamiz klaster tizimida faoliyat olib boradi. Ish boshlagan vaqtimda 35 ta xotin-qizning bandligini ta'minlagan bo'lsak, bugungi kunda korxonada 2000 dan ziyod kishi mehnat qilmoqda.
Klasterning 3 ming gektar maydonida paxta va g'alla yetishtirish yo'lga qo'yilgan. Zanjir misol bir-biriga ulangan tizimda xomashyodan tortib, tayyor mahsulotgacha chiqariladi. 2019-yilda paxta tozalash zavodimizda 21 700 tonna, 2020-yil hisobiga ko'ra 24 000 tonna, bugungi kunga kelib, qariyb 30 000 tonna paxtani qayta ishlashga erishdik. Bu esa korxona faoliyati yanada takomillashishiga zamin yaratmoqda. Natijada yillik tayyor mahsulot ishlab chiqarish quvvati 7,5 million donaga yetdi.
So'nggi yillarda klasterda paxta hosili unumdorligi 30 foizga o'sdi. Paxtani sifatli yetishtirib, undan jahon standartlariga mos mahsulot tayyorlanayotgani dunyo bozorida erkin raqobat qilish imkonini bermoqda. Boisi, har qanday bozorda arzon va sifatli mahsulotga talab yuqori bo'ladi. Shunga qaramay, yengil sanoat sohasida erishayotgan muvaffaqiyatlarimiz zamirida asosiy rag'bat — yurtimizda klaster tizimi va tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash, barcha sohalarda berilayotgan sharoit va imkoniyatlar yotibdi.
Yengil sanoat tarmog'ida yaratilgan qulay va erkin raqobat muhiti yangi bozorlarga ham yo'l ochyapti. Buning natijasida dunyo savdo maydonida o'zbek mahsulotlari alohida brendga aylanib, “manaman” degan kompaniyalar tovarlari bilan yonma-yon sotilayotgani, yer yuzining barcha burchagida o'z xaridorlarini topayotgani har birimizga g'urur bag'ishlaydi. Birgina korxonamiz misolida qaraydigan bo'lsak, ayni paytda tekstil mahsulotlari “Ahsan” brendi ostida Qirg'iziston, Rossiya, Xitoy, Yevropa, Turkiya, Ukraina davlatlariga eksport qilinyapti. O'tgan yili eksport hajmi 5 million 600 ming AQSH dollarni tashkil etdi.
Albatta, hech bir sohada muvaffaqiyat o'z-o'zidan kelmaydi, unga erishish uchun izlanish, mehnat qilish lozim. Shu bois, doim o'z ustimda ishlashga harakat qilaman. Jamoamiz bilan birgalikda yurtboshimiz ta'kidlaganlaridek, xalqimiz uchun hamyonbop va sifatli mahsulotlar ishlab chiqarishni asosiy maqsadimizga aylantirganmiz. Joriy yilning iyun oyida korxona tarkibida yana bir trikotaj fabrikasi — “Ahsan Apparel” MCHJ ishga tushirilib, unda import o'rnini bosuvchi yangi turdagi kiyim-kechak mahsulotlarini ishlab chiqarish yo'lga qo'yildi. Quvonarlisi, trikotaj fabrikamizda tayyorlangan mahsulotlar xorij davlatlariga ham eksport qilinyapti. O'zbekistonning Yevropadagi GSP + preferensiyalar tizimiga a'zo qilinishi biz kabi tadbirkorlarga jahon bozoriga ildam kirib borish, milliy mahsulotlarimizni dunyoning turli nuqtalariga sotish va xaridorlar ishonchini oqlashga imkon beryapti.
Biz biror yutuqqa erishsak, “oilamiz bilan bir qatorda, mahalla-ko'y, xalqimizga nafimiz tegsin”, deydigan xalqmiz. Aholi bandligini ta'minlash mamlakat iqtisodiyotining uzviy qismiga aylangan bir vaqtda, mahalla idoralari ishtirokida 30 yoshgacha bo'lgan, “Temir daftar” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan ishsiz yoshlarni yangi ish o'rinlari bilan ta'minlashga intilyapmiz. Trikotaj fabrikasining o'zida ishlayotgan ana shunday ishchilar soni hozirda 500 taga yetgan. Ishlab chiqarilayotgan kundalik mahsulotlarimiz soni 7000 tani tashkil etadi.
Bularning bari oldimga qo'ygan ulkan maqsadlarimning bir qismi, xolos. Hali Yevropa bozorlarida o'zbek brendi ostidagi trikotaj mahsulotlari o'rnini mustahkamlab, tarmoq do'konlar bilan ishlashni, faoliyatimni yanada kengaytirib, o'tgan yili Prezidentimiz bilan uchrashuvda va'da berganimdek, ishchi o'rinlari sonini yanada oshirishni maqsad qilganman.
Bugun yengil sanoat rivoji yo'lida biz tadbirkorlarga qator imtiyoz va imkoniyatlar berilayotgan ekan, ulardan unumli foydalanib, yurtboshimizning, xalqimizning bizga bildirgan ishonchini oqlash, diyorimiz farovonligi, iqtisodiyotimiz rivojiga hissa qo'shishga doim tayyormiz. Zero, bitta oila ishli bo'lib, hayotidan rozi yashasa ham, bu bizning eng katta yutug'imizdir.
Nurislombek YUSUPOV,
“Saxovat Teks” MCHJ qo'shma korxonasi rahbari