Britaniya muzeyi bilan oʻzaro hamkorlik rivojlanadi

    Madaniyat 10 Iyun 2021 1092

    Kecha mamlakatimizning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi koʻmagida Britaniya muzeyi yetakchi muvofiqlashtiruvchisi Jon Simpson va Oʻzbekiston Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasining Dasturlarni amalga oshirish boshqarmasi boshligʻi Jalol Nosirov hamda jamgʻarma mutaxassisi Alsu Ahmedjonova oʻrtasida onlayn-muzokaralar boʻlib oʻtdi.

    Tadbir chogʻida tomonlar muzey ishlari sohasida, xususan, Britaniya muzeyida Oʻzbekiston madaniy merosini namoyish etadigan qoʻshma koʻrgazmalar tashkil etish, shuningdek, Oʻzbekiston hududidagi madaniy-tarixiy va arxeologiya yodgorliklarini birgalikda tadqiq etish va taʼmirlash yuzasidan qoʻshma tadqiqotlarni olib borish uchun britaniyalik mutaxassislarni jalb etish singari yoʻnalishlarda oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama etildi.

    Mazkur muzokaralar Oʻzbekiston madaniyat vaziri oʻrinbosari Kamola Oqilova va Britaniya muzeyi direktori Xartvig Fisher hamda Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi ijrochi direktori Gayane Umerova ishtirokida ikki tizim oʻrtasida 2020-yili imzolangan Hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandum doirasida tashkil etildi.

    1753-yili tashkil topgan Britaniya muzeyi (The British Museum) Buyuk Britaniyadagi asosiy tarixiy-arxeologiya muzeyi hamda jahondagi eng yirik muzeylardan biri hisoblanadi. Luvrdan keyin ikkinchi oʻrinda turadigan ushbu muzeyni yiliga 6 million kishi tomosha qiladi. Eksponatlari soni esa 15 milliondan ziyodni tashkil etadi.