Oʻzbekistonning Londondagi elchixonasi koʻmagida tashkil qilingan tadbirda Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Toshkenboyev, inspeksiyaning tegishli boshqarma va boʻlim boshliqlari, Britaniya tomonidan agentlikning akkreditatsiya va konsalting boʻlimi boshligʻi Elison Fels xonim, siyosiy masalalar boʻyicha mutaxassis Rozi Kennedi xonim hamda biznesni rivojlantirish, xalqaro va professional xizmatlar boʻlimi boshligʻi Juli Till xonim ishtirok etdi.
Uchrashuvda ikki tashkilot oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va Britaniyaning oliy taʼlim sifatini baholash boʻyicha ilgʻor tajribasini oʻrganish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot avvalida Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Toshkenboyev Buyuk Britaniyaning Oliy taʼlim sifatini taʼminlash agentligi agentligi vakillariga Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi va Oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi doirasida taʼlim sifatini nazorat qilish tizimini modernizatsiya qilish boʻyicha olib borilayotgan ishlar, shuningdek, milliy oliy taʼlim muassasalarida sifatni yaxshilash orqali ularning nufuzini oshirish, xalqaro reytinglardan oʻrin olishiga koʻmaklashish boʻyicha istiqboldagi rejalar haqida batafsil maʼlumot berib oʻtdi.
— Soʻnggi yillarda yurtimizdagi oliy taʼlim tashkilotlari soni va yoshlarni oliy taʼlim bilan qamrab olish foizi bir necha barobar oshdi. Hozir oldimizga turgan dolzarb vazifa ilgʻor xorijiy tajribalarni oʻrgangan holda ortiqcha qogʻozbozlik va byurokratiyadan xoli taʼlim sifatini nazorat qilish tizimini yoʻlga qoʻyishdir. Buning uchun inspeksiya tomonidan qator ilgʻor davlatlarning tajribasi oʻrganilmoqda, — dedi Ulugʻbek Toshkenboyev. — Xususan, ilgʻor xorijiy tajriba asosida taʼlim tashkilotlarini akkreditatsiyalashning yangi institutsional tizimi joriy etildi. Janubiy Koreya, AQSH, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Yevropa ittifoqi, ENQA xalqaro sifat agentligi tajribasi asosida takomillashtirilgan ushbu yangi tizim xalqaro tan olingan ISO 9001/29990 va Yevropa Ittifoqi standartlariga (ESG) uygʻunlashtirildi.
Natijada xalqaro taʼlim agentliklari ENQA (Yevropa taʼlim kafolati agentliklari tizimi) va EQAR (Oliy taʼlimda sifatni taʼminlash Yevropa reyestri) tashkilotlariga aʼzo boʻlish va ENIC-NARIC xalqaro taʼlim sifati axborot tarmogʻiga kirish imkoniyati yaratildi. Hozir Buyuk Britaniyaning Oliy taʼlim sifatini taʼminlash agentligi tomonidan ishlab chiqilgan Oliy taʼlimning sifat kodeksi va standartlarini oʻrganish ishlari olib borilmoqda. Bugungi uchrashuvimizda ushbu jarayonlar boʻyicha savol va takliflarimizga javob olamiz hamda tashkilotlarimiz oʻrtasida yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻyamiz degan umiddaman.
Oliy taʼlim sifatini taʼminlash agentligi vakillari Angliyadagi oliy taʼlim sifatini nazorat qilish tizimi, bu borada erishilgan yutuqlar haqida maʼlumot berib, mazkur yoʻnalishda inspeksiyaga yaqindan yordam koʻrsatishga tayyorliklarini maʼlum qilishdi.
Uchrashuv davomida inspeksiya vakillarining Buyuk Britaniyada oliy taʼlim sifatini taʼminlash boʻyicha oʻzlarini qiziqtirgan savollariga Buyuk Britaniyaning Oliy taʼlim sifatini taʼminlash agentligi xodimlari batafsil javob qaytardi.
Yakunda tomonlar hamkorlik yoʻnalishlari boʻyicha aniq takliflar ishlab chiqishga va muhokama qilishga kelishib olishdi, deyiladi inspeksiya axborot xizmati xabarida.