Britaniyaning yetakchi instituti bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama etildi

    Oʻzbekiston elchisi Ravshan Usmanov Britaniyaning Eksport va xalqaro savdo boʻyicha malakali instituti (Chartered Institute of Export and International Trade – CIEIT) bosh direktori Marko Forjione bilan uchrashdi.

    Eksport va xalqaro savdo boʻyicha malakali instituti (CIEIT) 1935-yilda tashkil etilgan boʻlib, Britaniyadagi xalqaro savdo va eksport sohasida ixtisoslashgan professional “aql markazi” hisoblanadi. Markazning asosiy faoliyati savdo va eksport sohasida tadqiqotlar olib borish hamda ushbu yoʻnalishdagi mutaxassislarni qoʻllab-quvvatlash, ularning bilim salohiyati va malakasini oshirishga qaratilgan.

    Shuningdek, institut hamkor tashkilotlarga xalqaro savdo qonunchiligi, eksport nazorati, bojxona va logistika bilan bogʻliq masalalarni hal etishda ilmiy va amaliy yordam koʻrsatadi.

    Muloqot chogʻida Oʻzbekiston va Buyuk Britaniya oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirishning ilmiy va amaliy jihatlari muhokama etildi.

    Tadbir yakunida Eksport va xalqaro savdo boʻyicha malakali institut hamda Oʻzbekistonning tegishli vazirlik va idoralari oʻrtasida hamkorlik oʻrnatish, eksport jarayonlarini soddalashtirish yuzasidan yurtimiz tadbirkorlari uchun treninglarni tashkil etish boʻyicha kelishuvlarga erishildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.