Britaniyaning “Telpasc” tashkiloti tanlovdan oʻtgan oʻzbekistonliklarga rad javobini berdi

    Britaniyaning “Telpasc” tashkiloti tanlovdan oʻtgan oʻzbekistonliklarga rad javobini berdi

    Maʼlumki, joriy yilning 1-mart sanasida Buyuk Britaniyaning Telpasc” (Ethero) tashkiloti tomonidan yurtdoshlarimizni vaqtincha ishga yuborish boʻyicha boʻlib oʻtgan tanlovlarda 2,5 mingdan ortiq fuqaro qatnashgan va ularning orasidan 1 822 nafari ish beruvchining talablari asosida tanlab olingan.

    Shundan 1 687 nafar yurtdoshimiz tanlovlar oʻtkazish, ish beruvchilar bilan muzokaralar olib borish, tarqatma materiallar tayyorlash, moslashtiruv kurslarini tashkil qilish kabi xizmatlar uchun shartnomaga asosan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi hisobraqamiga 1 700 000 soʻmdan toʻlagan.

    Ularning 229 nafariga viza rasmiylashtirilgan hamda 46 nafari mart-aprel oylarida Buyuk Britaniyaga joʻnab ketgan. 183 nafari esa may-iyun oylarida borishi kerak edi.

    Biroq aprel oyiga kelib, suhbat jarayonidan muvaffaqiyatli oʻtgan fuqarolarning shaxsiy “gmail” elektron manziliga ularni ishga qabul qilish rad etilgani toʻgʻrisida xabarlar kelgan. Bu esa “Telpasc” orqali ishga ketish uchun roʻyxatdan oʻtgan hamyurtlarimizning haqli eʼtirozlarini keltirib chiqardi.

    Ushbu holat Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda vazirlik huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan nazoratga olindi, Telpasc” kompaniyasi bilan bogʻlanib, vaziyat boʻyicha izoh soʻraldi.

    Ulardan kelgan javob xatida Britaniya fermer xoʻjaliklarida kuzatilgan kuchli jala oqibatida qishloq xoʻjaligi ekinlarini suv bosgani, natijada Oʻzbekistondan tanlab olingan fuqarolarning asosiy qismini joriy yilgi mavsumda ishga joylashtirish imkoniyati pasaygani maʼlum qilingan.

    Biz nima boʻlganda ham toʻlagan pulingizni oling va aloqani uzing, deyishdan yiroqmiz. Masalaning yechimi boʻyicha Sizlarga maʼqul boʻlgan qator varianlarni taklif qilamiz.

    Birinchidan, ishchi viza yoki kompaniya tomonidan mehnat shartnomasining loyihasi yuborilmagan boʻlsa, Agentlikning hududiy filiallari xodimlari Sizlar bilan telefon orqali bogʻlanib, xohishingizga koʻra, toʻlagan pulingizni hech qanday ortiqcha ovoragarchiliksiz, istalgan vaqtda plastik kartangizga oʻtkazib berilishini taʼminlaydi.

    Ikkinchidan, agar Siz shartnomada koʻrsatilgan pul mablagʻlarini qaytarib olmasdan kutaman va imkoniyat boʻlishi bilan undan foydalanaman, desangiz, biz bunga ham tayyormiz.

    Vazirlik masʼullari faqatgina “Telpasc” rekruting kompaniyasi bilan cheklanib qolmasdan, zudlik bilan ishchi guruh shakllantirib mutaxassislarni Britaniyaga xizmat safariga yuboradi. U yerda boshqa ish beruvchilar bilan ham muzokaralar oʻtkazib, imkoniyat boʻlishi bilan birinchi galda roʻyxatdan oʻtgan, toʻlovlarni amalga oshirgan yurtdoshlarimizni Angliyaga vaqtincha ishlash uchun joʻnatish choralarini koʻradi. Tabiiyki, bu jarayon biroz vaqt oladi.