Bryusselda “Qambarota GES-1” loyihasi boʻyicha uchinchi davra suhbati oʻtkazildi

    2025-yilning 25-26-sentyabr kunlari Belgiyaning Bryussel shahrida Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Qirgʻiz Respublikalari Energetika vazirlarining “Qambarota GES-1 qurilishi” loyihasi boʻyicha uchinchi davra suhbati yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

    Unda Oʻzbekiston, Qozogʻiston va Qirgʻiz Respublikalari Energetika vazirlari, Jahon banki vakillari, shuningdek, loyiha doirasida tashkil etilgan Donorlar kengashi aʼzolari ishtirok etdi. Tadbir Jahon banki koʻmagida tashkil etildi.

    Maʼlumot uchun: 2024-yil 6-iyun kuni Jahon banki boshchiligida Donorlarni muvofiqlashtirish kengashi tashkil etilgan. Kengash tarkibi Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB), Osiyo taraqqiyot banki (OTB), Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki (OIIB), «Cassa Depositi e Prestiti S.p.A.» (Italiya), OPEC Xalqaro rivojlanish jamgʻarmasi, Yevropa investitsiya banki, Islom taraqqiyot banki kabi xalqaro moliya institutlaridan iborat.

    Yigʻilishda loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari, uning atrof-muhitga taʼsirini baholash boʻyicha dastlabki hujjatlar va ijtimoiy jihatlari, amalga oshirish mexanizmlari hamda xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik masalalari koʻrib chiqildi. Shuningdek, ushbu loyiha yuzasidan 2025-yilning oktyabr–noyabr oylarida belgilangan navbatdagi uchrashuv masalalari muhokama qilindi.

    Loyiha doirasida 5,4 mlrd kub metrga teng suv ombori va 1860 MVt quvvatli gidroelektr stansiyasi ishga tushiriladi. Natijada yiliga oʻrtacha 5,6 mlrd kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.

    Ishtirokchilar loyihani Markaziy Osiyoda energetika xavfsizligi va hamkorlikni mustahkamlash hamda suv resurslaridan oqilona foydalanishning muhim tarkibiy qismi sifatida eʼtirof etdilar.

    Shuningdek, davra suhbati doirasida Oʻzbekiston delegatsiyasi Xalqaro moliya tashkilotlari – loyiha donorlari qoʻmitasi aʼzolari bilan loyihani moliyalashtirishni jalb qilish shartlari va imkoniyatlarini muhokama qilish boʻyicha bir qator ikki tomonlama muzokaralar oʻtkazdi. Shu tariqa Yevropa Ittifoqi, Jahon banki, YETTB, OIIB, OTB, OPEC jamgʻarmasi va boshqa tashkilotlar vakillari bilan uchrashuvlar oʻtkazildi.

    Eslatib oʻtamiz, bunday formatdagi birinchi uchrashuv joriy yilning 27-yanvar kuni Toshkent shahrida, ikkinchisi 26-27-may kunlari Dubayda boʻlib oʻtgan edi. Dubaydagi uchrashuv doirasida Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Qozogʻiston Energetika vazirlari oʻrtasida Bayonnoma imzolangani loyihani amalga oshirishda muhim qadam boʻldi.

    Uch tomonlama uchrashuv yakunida birgalikdagi keyingi rejalar va loyihani tayyorlash muddatlari yuzasidan kelishuvga erishildi.