Koʻrsatilgan manzilga tez tibbiy yordam brigadasi (shifokor – 1995-yilda tugʻilgan Baxromjon Hazratov) 7 daqiqa ichida zudlik bilan yetib boradi. Bemor koʻrikdan oʻtkazilayotgan vaqtda toʻsatdan shifokor B. Hazratovga sababsiz tashlanib, uning boshiga qattiq jism bilan urib, ogʻir tan jarohati yetkazadi.

Shifokorning olgan jarohatidan kuchli qon ketayotganligi sababli voqea joyidan tez tibbiy yordam avtomashinasida Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazining koʻp tarmoqli klinikasiga olib borilgan. Keyinchalik esa bemorning ahvoli yaxshi emasligi va jarohati oʻta ogʻirligini inobatga olinib, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga oʻtkazilgan.

— 26 yoshli tez tibbiy yordam shifokori B. Hazratov ayni paytda markazimizning neyroreanimatsiya boʻlimida ogʻir ahvolda intensiv davo muolajalarini olmoqda, — deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bosh direktori Davron Toʻlaganov. — U hozir ogʻir ahvolda, bemorga bosh miya yopiq jarohati, bosh miyaning oʻrta darajadagi lat yeyishi, bosh tepa va ensa sohalaridagi yirtilgan jarohat tashxisi qoʻyilgan.

Dastavval, Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazining koʻp tarmoqli klinikasiga olib borilgan B. Hazratovning boshidan kuchli qon ketayotganligi sababli qon toʻxtatish uchun boshning tepa va ensa sohalaridagi jarohatga 4 ta chok qoʻyilgan.

Keyingi paytlarda shifokorlarga nisbatan aholi vakillarining tez-tez qoʻpol munosabatda boʻlayotgani, hatto, jiddiy tan jarohati yetkazish darajasidagi gʻayriqonuniy xatti-harakatlarini amalga oshirayotgani bor gap. Bu, albatta, barchamizni birdek ranjitadi.

Ayniqsa, yarim tun boʻlishiga qaramasdan oʻz xizmat vazifasini sidqidildan, fidoyillik bilan bajarayotgan tez tibbiy yordam shifokorlariga nisbatan bunday munosabat koʻrsatilishining koʻpayayotgani kishi koʻnglini xira qiladi.

Maʼlumot uchun, Toshkent shahri tez tibbiy yordam brigadalari tomonidan shu yilning yanvar oyida 82 ming 462 ta, fevral oyida 80 ming 290 ta va 1-martdan to 27-martgacha 80 ming 531 ta chaqiriqlarga oʻz vaqtida zudlik bilan tibbiy yordam koʻrsatilgan. Oʻtgan yil ushbu tizimga mamlakatimiz boʻyicha 11 yarim milliondan oshiq murojaatlar kelib tushgan.

Shuncha chaqiriqqa oʻz vaqtida javob berilib, tibbiy xizmat koʻrsatilgan. Bu bilan shifokorlarimiz millionlab odamlarining hayotini saqlab qolishga sababchi boʻlishdi. Ana shu raqamlar ham aholi salomatligi uchun tibbiyot xodimlarining xizmati naqadar mashaqqatli va bebaho ekanidan dalolat beradi.

Albatta, aybdorlar qonun doirasida oʻz qilmishiga yarasha javobgarlikka tortiladi. Vazirlik bu uchun huquqni muhofaza qilish organlaridan aybdorlarga nisbatan tegishli jazo choralarini qoʻllashni talab etib, uni nazorat qiladi.

Ammo oq halat sohiblari bilan bunday holatlar bot-bot takrorlanayotgani ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish tizimini yaxshilash, aholi orasidagi mavqeini oshirish ishlarini yana-da kuchaytirish kerakligidan qayta – qayta darak bermoqda.

Sogʻliqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.