Shavkat Mirziyoyev ulugʻ ayyom kunlarida urush va mehnat faxriylari bilan koʻrishib turganidan mamnun ekanini bildirib, barchani fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaning 76 yilligi bilan qutladi.

- Olti yil davom etgan bu qonli urushda oʻsha paytda mavjud 73 ta davlatdan 62 tasi, Yer yuzi aholisining 80 foizi ishtirok etgan. Yevropa, Osiyo va Afrika qitʼalaridagi 40 ta davlatni bevosita qamrab olgan urushda 110 million kishi safarbar etilgan. 70 million kishi halok boʻlgan, bu har qanday odamni larzaga soladi, dedi Prezident.

1941-yilda Oʻzbekiston aholisi 6 million 800 mingni tashkil etgan. Qariyb 2 million fuqaro frontga ketgan. Bu insonlarning har biri tom maʼnoda qahramon. 500 ming vatandoshimiz esa urush oʻchoqlarida halok boʻldi.

Davlatimiz rahbari bu dahshatli qirgʻinda matonat koʻrsatgan yurtdoshlarimizni qaygʻu bilan esga olamiz, dedi.

- Bu yoʻqotishlarni hech qanday raqam, soʻz bilan ifodalab boʻlmaydi. Bu 500 ming fojea degani. Umr yoʻldoshidan ajralgan ming-minglab ayollar, ota-onasidan judo boʻlgan millionlab bolalar degani. Bular yillar oʻtsa-da xaq qalbidan bitmagan va bitmaydigan yaradir.