Mingbuloq tumanida oʻzim tahsil olgan moʻjazgina maktabda uzoq yillar nemis tilidan dars berdim. Til oʻrganishga bolaligimdan ishtiyoqim baland boʻlgani bois xorij tilini bilgan aslo kam boʻlmasligini hamisha oʻquvchilar ongiga singdirib keldim.
Ikki suyanchim va qanotlarim sanalgan oʻgʻillarimga, koʻzimning qarosi yolgʻiz qizimga chet tillarni mukammal oʻrganish zavqi boʻlakcha ekanini taʼkidlashdan charchamadim. Esimda, katta farzandim ayni oʻqishga kiradigan paytlarda viloyatimizdagi oliy oʻquv yurtida birgina xorijiy fakultet boʻlib, kvota oʻta kam, imtiyozlar deyarli yoʻq edi.
U vaqtlar bozor iqtisodiga oʻtish davri koʻp jihatdan hammaga qiyin boʻlgan. Toʻngʻichim Doniyor ona izidan borib, til oʻrganib kam boʻlmadi. Namangan davlat universiteti xorijiy filologiya fakultetining nemis tili yoʻnalishida tahsil olib, ayni paytda Germaniyaning BMW zavodida menejment sifatida faoliyat koʻrsatmoqda.
Kenja oʻgʻlim Elyor Yaponiyaning Nagoya universitetini tamomladi. Hozirgi kunda u Tokio shahrida telekommunikatsiya sohasida ishlayapti. Qizim Zumradxon ham xorijiy tillarni puxta egallashni orzu qilgan. Niyati Isʼhoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari instituti talabasi boʻlish.
Ne baxtki, bugun Namanganda chet tillarni dunyo taʼlim standartlari asosida oʻqitishga ixtisoslashtirilgan, bir yoʻla bir necha tillarni oʻqitadigan oliy dargoh yoshlarimizga quchoq ochadi. Qarorda xalqaro baholash dasturlari – PISA, TALIS, PIRLSdan foydalangan holda oʻqitishning zamonaviy shakllari hamda metodlarini joriy etish, mazkur bilim va koʻnikmalarga ega boʻlgan oliy maʼlumotli mutaxassislar hamda ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash koʻzda tutilgan.
Zero, olamga mashhur fransuz faylasufi, serqirra isteʼdod egasi Volter aytganidek, koʻp tillarni bilish bitta kalit bilan koʻp eshiklarni ochmoqlikdir. Prezidentimiz tomonidan ilm olish va yoshlar isteʼdodini roʻyobga chiqarish borasida cheksiz imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Shu imkoniyatlardan unumli foydalanib qolish kerak. Yangi Oʻzbekiston yoshlari shu tariqa dunyoga chiqishadi. Yurtiga, millatiga sodiq Ibrat domlalar paydo boʻladi.
Rahima JOʻRAYEVA,
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi