“Bu ob-havoda rejali cheklovlar kiritmasak, ertaga bundanda jiddiyroq talafot boʻlishi mumkin” – Energetika vaziri

    Energetika 7 Dekabr 2022 967

    Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari - Energetika vaziri Joʻrabek Mirzamahmudov gaz va elektr uzilishlariga izoh berdi.

    Vazir hozirgi ob-havo sharoitida jiddiyroq talafotlarning oldini olish maqsadida rejali cheklovlar oʻrnatishga majbur boʻlinayotganini qayd etdi.

    «Toʻgʻri, eʼtirozlar bor — elektr hammaga ham yetib bormayapti. Juda koʻp oʻchishlar boʻlyapti. Lekin biz buni tan olamiz, inkor etmaymiz. Bu boʻyicha rejali, tizimli ishlar qilib, hozirgiday ob-havo sharoitida cheklovlar kiritgan holda chiqib ketmasak, ertaga bundan-da jiddiyroq talafot boʻlishi mumkin. Shuning uchun keskin choralar koʻrishga majburmiz, — deydi vazir.

    Soha rahbari Fargʻonaning Oʻzbekiston tumanidagi sement zavodi ishchilarining internetda tarqalgan jamoaviy murojaatiga ham munosabat bildirdi.

    “Hamma biladiki, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bor, gʻisht zavodlari, yangidan qurilayotgan sement zavodlar barchasi koʻmir, yaʼni alternativ yoqilgʻida ishlashi kerak. Hozir bu zavodni tabiiy gazga kim ulagan, kim ruxsat bergan, buni alohida oʻrganib chiqamiz. Lekin korxona rahbarlari shartnoma shartlariga koʻra vaqtida ogohlantirilgan. Ishchilar bilan tegishli targʻibot ishlarini olib borishi kerak edi”, – dedi u.