Kitob tumanining "Istiqbol" MFYda istiqomat qiluvchi Nurulla Do‘stov o‘z xonadonida Afrika tuyaqushlari yetishtirishni yo‘lga qo‘ydi. Mahalladagi hokim yordamchisi Islom Baxronov ko‘magida qahramonimiz 33 million so‘m miqdorida imtyozli kredit olib, Sirdaryo viloyatidan 9 ta tuyaqush olib keldi. 

E’tiborli jihati, xonadonda zamonaviy inkubator ham o‘rnatilgan bo‘lib, ayni kunda tuxumdan ilk jo‘jalar ochib chiqmoqda.

— “Juda ko‘p sohalarga qiziqqanman, — deydi N. Do‘stov. — Yaqinda tuyaqushlar haqida o‘qib, ularga qiziqib qoldim va hech ikkilanmay mazkur tarmoqni yo‘lga qo‘yishga kirishdim. Nega Afrika tuyaqushi desangiz, u uy sharoitiga yengil ko‘nikar ekan. Mana 3 oydan buyon ularni parvarishi bilan bandman. Tuyaqush 4 yilda reproduktiv yoshga yetadi va ularning o‘rtacha tuxum qo‘yish yoshi 10-15 yil, zotdor tuyaqushlar 40 yil davomida o‘rtacha har 2-3 kunda tuxum qo‘yaveradi. Tez orada tuyaqush jo‘jalarini aholiga yetkazib berishni yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Bir dona tuyaqush jo‘jasi 1,5 - 2 million so‘mdan sotilmoqda. Kelgusida tuyaqushlar sonini 100 tadan oshirib, aholi dasturxoniga sifatli, parhezbop go‘sht va tuxum yetkazib berishni mo‘ljallab turibmiz.