Davlatimiz rahbarinig 2022-yil 20-maydagi “Dorivor oʻsimliklar xom ashyo bazasidan samarali foydalanish, qayta ishlashni qoʻllab-quvvatlash orqali qoʻshimcha qiymat zanjirini yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni hamda “Dorivor oʻsimliklarni madaniy holda yetishtirish va qayta ishlash hamda davolashda ulardan keng foydalanishni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bu boradagi ishlarni kengaytirishga xizmat qilmoqda. Chunki oʻtgan vaqt mobaynida mazkur farmon va qaror ijrosini taʼminlash maqsadida respublikamizda qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer maydonlarida dorivor va ziravor oʻsimliklarni yetishtirish hajmi jami 17,3 ming gektarga, jumladan asosiy maydonlarda 4,2 ming gektar va lalmi maydonlarda 13,1 ming gektarga yetkazilib, 19,1 ming tonna xom ashyo tayyorlandi.

2022-yilda klasterlar soni 16 taga hamda dorivor oʻsimliklar yetishtiruvchi tadbirkorlik subyektlari soni 235 tani tashkil qildi.

2023-yil hosili uchun jami 17,7 ming gektar maydonlarda dorivor oʻsimliklar ekilishi rejalashtirilgan.

Ushbu maydonlardan jami 20 ming tonna dorivor oʻsimliklar, jumladan 16 ming tonna qizilmiya, 700 tonna kovrak, 1,3 ming tonna kovul va 600 tonna naʼmatak hamda 1,4 ming tonna boshqa dorivor oʻsimliklar yetishtiriladi.