Bu yil 757 nafar yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar uy-joy bilan taʼminlanadi

    Ijtimoiy hayot 11 Avgust 2021 1168

    Prezident “Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, 2021-yil 1-dekabrgacha uy-joyga muhtoj 757 nafar yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar uy-joy bilan taʼminlanadi.

    2022-yil 1-sentyabrdan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning uy-joyga muhtojligi “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali aniqlanadi.

    2021-yil 1-sentyabrdan:

    • yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar davlat tasarrufidagi maktabgacha taʼlim tashkilotlari va maktablarga navbatga qoʻyilmagan holda joylashtiriladi;
    • texnikum, kollej, akademik litsey yoki OTMda oʻqiyotgan davrida har oʻquv yilida bir marotaba oʻquv, ilmiy va badiiy adabiyotlar (kitoblar) xarid qilish xarajatlari uchun BHMning 5 baravari (1 mln 225 ming soʻm) miqdorida subsidiyalar ajratiladi;
    • oʻquv-tarbiya muassasalari tarbiyalanuvchilarining tegishli yoʻnalishlar boʻyicha kurslarda oʻqish xarajatlari bir yilda BHMning 20 baravarigacha (4 mln 900 ming soʻmgacha) miqdorda kompensatsiya qilinadi;
    • oʻqishni davlat OTMlarida davom ettirganda ularga stipendiya toʻlovlari 50 foizga oshirilgan holda toʻlanadi.

    2021/2022 oʻquv yilidan OTMga abituriyentlarni qabul qilishning umumiy sonidan SOS – bolalar mahallalari va oilaviy bolalar uylari bitiruvchilari, shuningdek, vasiylikka, homiylikka yoki oilaga tarbiyaga olingan (patronat) yetim bolalar (25 yoshga toʻlmagan) uchun qoʻshimcha ravishda 1 foizgacha davlat granti asosidagi qabul kvotalari ajratiladi.

    2021-yil 1-sentyabrdan oʻquv-tarbiya muassasalarini tamomlagan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida kreditlar navbatsiz beriladi.

    2021-yil 1-sentyabrdan nogironligi boʻlgan bolalarni vasiylikka (homiylikka, patronatga) olgan oilalarga toʻlanadigan toʻlovlar BHMning 10 baravarigacha (2 mln 450 ming soʻmgacha) yetkaziladi.

    Ogʻir kasallikka chalingan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning xorijiy davlatlardagi jarrohlik operatsiyalari bilan bogʻliq xarajatlar toʻliq miqdorda kompensatsiya qilinadi.