Bu yil ham Oʻzbekiston aholisi Yangi yilni qorsiz kutib oladi

    Soʻnggi 10-yil ichida Oʻzbekiston hududining katta qismida yangi yil bayramlari qorsiz oʻtgan.

    Shu yilning 30-dekabrida respublika hududi boʻyicha baʼzi joylarda va 31-dekabriga oʻtar kechasi Toshkent viloyatining ayrim joylarida yogʻingarchilik kuzatiladi, lekin tekislik hududlarda yogʻingarchilik asosan yomgʻir koʻrinishida boʻladi.

    Faqat togʻ oldi va togʻli hududlarda, shuningdek, respublika shimolida baʼzi joylarda yogʻingarchilik qor koʻrinishida boʻlishi kutilmoqda.

    Respublika hududining katta qismida 31-dekabrda kunduz kuni va 1-yanvarda yogʻingarchilik kutilmaydi.

    30-31-dekabr va 1-yanvarda havo harorati asosan kechalari 0-5 daraja iliq, kunduz kunlari 5-10 daraja iliq atrofida, baʼzi joylarda 12 daraja iliqqacha boʻladi. Shimolda kechalari 3-8 daraja sovuq, kunduz kunlari 0-5 daraja iliq boʻladi.

    Iqlim maʼlumotlari tahlili shuni koʻrsatadiki, soʻnggi 10 yil ichida Oʻzbekiston hududining katta qismida yangi yil bayramlari qorsiz oʻtgan.