Arnasoyda chorvachilik, Shoʻrchida banan yetishtirish, Quvada anorchilik, Boʻstonliqda asalarichilik boʻyicha aholi va tadbirkorlar yaratgan tajribalar shunday ixtisoslashuvga ega boshqa tumanlar uchun yaxshi namuna boʻla olishi, lekin bundan unumli foydalanilmayotgani qayd etildi.

“Bunday tajribalar hamma joyda bor. Lekin ularni oʻrgatib, qamrovini kengaytiradigan tizim yoʻq!” – dedi davlatimiz rahbari.

Mutasaddilarga bir oyda ishsizlik va kambagʻallik yuqori mahallalardagi imkoniyatlarni oʻrganib, ularga eng yaxshi tajribalarni olib kirish boʻyicha “metodik qoʻllanma” qilib berish topshirildi. Hokimlar esa joylarda buning ijrosini tashkil etib, odamlarni ishli qilish, daromadini koʻpaytirish, ularni qiynayotgan masalalarga yechim topishga masʼul va javobgar boʻladi.

«Umuman, bu yil har bir vazirlik va hokimlikning faoliyati mahalla bilan bogʻlanadi, qabul qilinadigan qarorlarda ham mahallada nima oʻzgarishi nazarda tutiladi», – dedi Prezidentimiz.

1 million aholini doimiy ish bilan taʼminlash, 181 ming oilani kambagʻallikdan chiqarish, kambagʻallikdan xoli mahallalar sonini 2,5 barobar oshirib, 3,5 mingga yetkazish, ishsizlik va kambagʻallikni 4,5 foizga tushirish joriy yil uchun vazifa etib belgilandi.