Xalqimizning yaxshi bir azaliy anʼanasi bor — keksalarimiz qoʻlini duoga ochganda, albatta, “Dehqonchiliklariimizga, baraka bersin, uyimiz bugʻdoyga, nonga toʻlsin”, deya niyat qilinadi. Gʻallakorlarimiz ana shunday qutlugʻ niyatga munosib mehnat qilib, gektar boshiga oʻrtacha 70 sentnerdan hosil yetishtirishdi.
Prezidentimizning tashabbusi bilan gʻallachilik sohasida bozor tamoyillari joriy etilishi tufayli dehqonlarning koʻp yillik armonlari ushaldi. Endilikda ular yetishtirgan hosilni toʻliq erkin bozor narxida sotish huquqiga ega boʻldi.
Davlatimiz rahbari raisligida 18-iyul kuni oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni va aholi daromadlarini koʻpaytirish masalalari boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida qishloq xoʻjaligi sohasidagi masalalar ham tahlil etildi. Shu yildan gʻallani yetishtirish va xarid qilishni moliyalashtirish boʻyicha yangi tizim yoʻlga qoʻyilgani, fermerlarga jozibador narxlar taklif etilgani oʻz natijasini berganligi eʼtirof etildi. Iyul oyida birjaga 88 ming tonna bugʻdoy chiqarilgani hisobiga, 1 tonna bugʻdoyning oʻrtacha narxi 30 foizga arzonlashdi.
MEHNATIMIZ QADRIGA YETGAN VA QOʻLLAB-QUVVATLAGAN PREZIDENTIMIZGA RAHMAT!
Oftob ufqqa bosh qoʻya boshladi. Shunday kezda boʻyi tizzadan oshgan paxta dalalari, hosil boylayotgan bugʻdoylar orombaxsh manzaraga aydanadi. Bu yil bahor erta va seryogʻinroq keldi. Ekinlarni sugʻorishda muammo boʻlmadi. 40 gektar yerga oʻtgan yil sentyabr oyida gʻalla ekilgan boʻlsa, mana, bugun may oyining oʻn birinchi sanasi boʻlishiga qaramay, bugʻdoylar boshoqlagan, oʻrim-yigʻimni oʻtkazishga hozirlik ketyapti. Kombaynlar sozlangan, texnika yetarli. Mineral oʻgʻitlar oʻz vaqtida berildi, hashoratlarga qarshi ishlandi Endikda gʻallani “sharbat” suvi bilan toʻyintirgan dehqon yutadi. Havo namchilligi sharoitida bu qoʻl keladi, zang yoʻlamaydi. Boshoqlar toʻliq va koʻngildagiday tosh bosadi...
Urganch tumanidagi “Sherzod Hamdam” fermer xoʻjaligi rahbari Marks Saidov esayotgan epkinda ohista chayqalayotgan bugʻdoyzor boʻyida turib, koʻnglidan shu fikrlarni oʻtkazdi. Pishib qolgan bir boshoqni qoʻliga olib, hosil salmogʻini hisob-kitob qila boshladi.
Mutaxassislarning fikricha, bir kvadrat metrda 400 dona atrofida gʻalla niholi va 500-600 dona bugʻdoy boshogʻi pishib yetiladi.Bu donlar unga aylantirilib, non tayyorlansa, kichik oilaga bir kunlikka yetgulik rizq-nasiba boʻladi. Bu yil gektar boshiga kamida 70 sentnerdan bugʻdoy olish koʻzlanayotganligi nazarda tutilsa, bu 7 tonna sara don va undan kamida 5 500 kilogramm un hosil boʻladi. Bir kilogramm undan ikkitadan sal ortiq, yuz kilogrammdan 227,6 ta, bir tonnadan 2276 dona, besh yarim tonnadan esa, 14 418 dona atrofida qolipli non tayyorlanadi. Tibbiy meʼyorlarga muvofiq, har bir kishiga kuniga 250-300 gramm non mahsulotlari zarurligi hisobga olinsa, bu oʻrtacha 30 000 kishini taʼminlaydigan bir kunlik neʼmat, deganidir. Xullas, hosildorlik salmogʻi oshgan sari uning qut-barakasidan yanada koʻproq aholi bahramand boʻladi.
Va lekin bugʻdoyning xarid bahosiga kelganda, fermerlarning kosasi unchalik oqarmayapti. Xorazmning ogʻirt tuproq sharoitida davlat resurslari uchun toʻlanayotgan haq urugʻ, mineral oʻgʻit va texnikalarning yonilgʻi-moylash materiallarini qoplashga arang yetadi. Dehqonlar gʻallaning somoniga, takroriy ekindan olnadigan daromadga koʻproq koʻz tikadi...
Nasib etsa, bu masalalar ham iziga tushib ketar, degan oʻy bilan suvchilar oldiga bordi, Ular bilan sugʻorish maromi haqida fikrlashdi. Bu yil fermer xoʻjaligi gʻalladan tashqari, 56 gektar yerda paxta, 3 gektarda soya va 2,6 gektar maydonda kartoshka parvarishlayapti. Hamma ekinlarning rivoji avjida. Daromadi ham shunga yarasha boʻladi.
Osmonda yulduzlar miltiray boshladi. Bugungi ish kuni samarasidan koʻnli toʻlgan fermer mashinasiga oʻtirib, rulni uyi sari burdi. Turmush oʻrtogʻi Gulnora Saidova koʻp yillar maktabda geografiya fanidan dars berib keladi. Yaqinda pensiyaga chiqqaniga qaramay, televizor yoki internet orqali yurtda va xorijda boʻlayotgan voqealarni kuzatib boradi. Bu gal ham bir piyola choy ustidagi suhbatda muhim yangilikni aytib qoldi. Bugun Prezidentimiz gʻallachilik sohasidagi islohotlarning yangi bosqichiga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazibdi, gʻallaning narxini ikki barobarga koʻtaribdi.
Marksning qiziqishi ortib, internetga kirdi. Haqiqatan shunday, fermerlar anchadan buyon kutayotgan islohotning yangi bosqichi eʼlon qilinibdi va ulardan davlat resurslari uchun sotib olinadigan 1 tonna bugʻdoy narxi shu paytga qadar 1 million 550 ming soʻm boʻlsa, joriy yil 1-iyundan boshlab yetishtirgan gʻalla hosili uchun 3 million soʻm haq olishi belgilanibdi. Gʻallachilik klasterlari va fermer xoʻjaliklari 3 yil davomida har yilgi hosildan gektariga 2,5 tonna gʻallani birja savdolariga erkin narxlarda chiqaradigan boʻlibdi. Bunda fermerlarga birjada shakllangan narxlardan kelib chiqib, oʻrtadagi ijobiy farq ham toʻlab beriladi. Bu jarayonda ular belgilangan birja komission toʻlovlari va garov mablagʻlarini kiritishdan ozod etiladi.
Davlat rahbari bugʻdoy yetishtiruvchi fermer va klasterlar vakillarini birjadan roʻyxatdan oʻtkazish va brokerlarni biriktirib, oʻqitishni tashkil qilish boʻyicha mutasaddilarga topshiriq beribdi. Marks Saidov shu jihatga alohida eʼtibor qaratar ekan, albatta, oʻzi ham, hisobchisi ham astoydil oʻqishi kerakligini koʻngliga tugib qoʻydi. Ertangi daromad buromadga aylanishida birja savdolari mohiyatini bilish va ishtirok etish muhim ahamiyatga egaligini anglab turardi.
Telefoni ketma-ket jiringlay ketdi. Davlatimiz rahbari oʻtkazgan yigʻilishni oʻqigan yoki televizorda koʻrgan hamkasblari bir-birlarini qutlashdi. Har birining yangiliklardan koʻngli togʻday koʻtarilgan, oladigan daromadlarini hisob-kitob qilib, ertangi kunga ishonchlari yanada ortgan. Aytilgan va alqangan gaplar mohiyatida bir fikr mujassam edi: “Mehnatimiz qadrini bilgan, qoʻllab-quvvatlagan Prezidentimizga rahmat!”
Mana shundan buyon ikki oyda koʻproq vaqt oʻtdi. “Sherzod Hamdam” fermer xoʻjaligi ham gʻallani oʻz vaqtida oʻrib-yigʻib olib, gektaridan 70 sentnerdan hosil oldi. Uning 120 tonnadan ortigʻi davlat resurslari uchun xarid qilingan boʻlsa, qolganini oʻzlari tasarruf qiladigan boʻldi.
Marks Saidov ham, hisobchisi ham birja faoliyati, brokerlar bilan ishlash boʻyicha oʻtkazilgan oʻquv seminarlarida oʻz bilim va malakalarini oshirdi. Ayni kunda Respublika tovar-xomashyo birjasida va jahon bozoridagi bugʻdoy narxining kunlik kotirovkalarini kuzatib borishadi. Chunki, don korxonasiga topshirilgan hosilning har bir tonnasi uchun qancha qoʻshimcha haq olishlari birjadagi narx-navo darajasi bilan bevosita bogʻliq.
BOZOR TAMOYILI — ENG TOʻGʻRI YOʻL
Joriy yil 1-iyul kuni mamlakatimiz tarixida ilk bor Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasida 16 395 tonna gʻalla ochiq birja savdolariga qoʻyildi. Shu kuni uning 8 007 tonnasi, yaʼni 48,8 foizi sotildi. Bugʻdoyning oʻrtacha narxi mahsulotning bir tonnasi uchun 3 227 ming soʻmni tashkil qildi. Birjada gʻalla boʻyicha shakllangan kotirovka uning boshlangʻich narxi (3 041,9 ming soʻm) ga nisbatan 5,7 foizga oʻsdi.
Shundan keyin oʻtkazilgan savdolarda ham gʻalla narxi barqaror saqlanib turibdi. Xususan, 18-iyul kuni bugʻdoyning bir tonnasi dastlabki kungi narx atrofida baholandi.
Keyingi vaqtlarda jahon bozorlarida oziq-ovqat narxlari yuqori surʼatlar bilan oʻsib boryapti. Shu yilning may oyida ushbu koʻrsatkich 5,6 foizni tashkil etdi. Bu oʻtgan yilgi raqamlar bilan taqqoslaganda, uning qiymati oʻrtacha 56,2 foizga oʻsganini ifodalaydi. Xalqaro birjalarda bugʻdoy narxi iyun oyi oxiriga kelib, bir muncha tushganiga qaramay, iyulning birinchi yarmida yana koʻtarila boshladi. Xususan, AQSHda 5,4, Fransiyada 4,2 foizga oʻsdi.
Mamlakatimizda ham narx-navo barqarorligiga erishish uchun, birinchi navbatda gʻallachilikda bozor mexanizmlarini toʻliq joriy etishni taqozo etib kelayotgan edi. Prezidentimiz 2022-yil 11-may kuni gʻallachilik sohasidagi islohotlarning muhim bosqichiga bagʻishlab oʻtkazilgan yigʻilishda, hosildorlikni yuqori darajaga olib chiqish va shu orqali bozorda sotiladigan don hajmini koʻpaytirish hamda narx-navo barqarorligini taʼminlashning yagona toʻgʻri yoʻli boʻlgan bozor tamoyilariga oʻtish kerakligini taʼkidladi va bu yoʻnalishda tarixiy oʻzgarishlarga yoʻl ochadigan amaliy takliflarni ilgari surdi. Xususan, fermerlarni quvontirganidek, davlat resurslari uchun sotib olinadigan 1 tonna bugʻdoy narxi ikki barobarga oshirildi. Moliya vazirligi huzuridagi jamgʻarma 2,5 million tonna gʻallani birjadan bozor narxlari dadavlat zaxirasi uchun sotib oladi.
— Davlatimiz rahbarining 2022-yil 28-maydagi “Gʻallani yetishtirish va sotishda bozor tamoyilini joriy etishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bu borada amalga oshiradigan tarixiy jarayonlarni huquqiy kafolatlaydigan hujjatga aylandi, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Dilrabo Xolboyeva.—
Eng muhimi, qaror gʻalla yetishtiruvchilarning, shu jumladan, fermer xoʻjaliklarining moddiy manfaatdorligini mustahkamlashga va shu asosda gʻalla hosildorligi hamda uning yalpi hajmini keskin koʻtarishga yoʻl ochadi.
Qarorda gʻalla bozorini erkinlashtirishning asosiy yoʻnalishlari belgilab berildi. Jumladan, 2022-yilda Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 1,8 million tonna tovar bugʻdoy davlat resursi, 266,5 ming tonna gʻalla urugʻlik sifatida xarid qilinadi. Bundan tashqari 500 ming tonna bugʻdoy gʻalla yetishtiruvchilar tomonidan iyul, avgust va sentyabr oylarida birja savdolarida sotish uchun don korxonalariga qabul qilinadi. Un ishlab chiqarishga mos kelmagan 4 va 5-sinf bugʻdoy birja savdolarida hech qanday cheklovlarsiz isteʼmolchilarga sotiladi.
Iqtisodiy rivojlanish va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining tahlillariga koʻra, ayni kunda respublika boʻyicha 40 mingga yaqin xoʻjalik gʻalla yetishtirish bilan shugʻullanadi. Har bir fermer xoʻjaligida oʻrtacha 10 ta ishchi mehnat qilsa, fermerlarning oilasi bilan qoʻshib hisoblaganda 440 mingga yaqin xonadonning yoki har oilada oʻrtacha 5 kishidan hisoblaganda 2,2 million aholining moddiy manfaatdorligi oshadi.
Un ishlab chiqaruvchi barcha korxonalar bugʻdoyni birjada sotib oladi va ishlab chiqarilgan mahsulotini bozor erkin bozor platformalari orqali sotadi. Ishlab chiqaruvchilar soni yetarli darajada koʻpligi sababli ushbu sohada raqobat muhiti shakllanishi korxonalarni xarajatlarni kamaytirish va mahsulot sifatini oshirish ustida ishlashga majbur etadi. Tadbirkorlik subyekti raqobatbardosh boʻlsa, uning daromadi oshadi. Isteʼmolchilar uchun bozordan sifatli mahsulot sotib olish imkoni vujudga keladi.
Bugʻdoy va un mahsulotlarining birja orqali sotilishi, ushbu mahsulotlarning harakatlanishi va soliq tushumlarining shaffofligini taʼminlaydi. Shuningdek, davlatni iqtisodiyotga aralashish yukidan xalos etadi.
Maʼlumki, bugʻdoyni birja orqali tumanlarda samarali sotilishini yoʻlga qoʻyish maqsadida 20 mingdan ziyod fermerlar oʻqitildi hamda birjada elektron raqamli imzo orqali soddalashtirilgan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilib, brokerlik idoralariga biriktirildi.
XIRMONLAR DONGA, DASTURXON NONGA TOʻLMOQDA
Xalqimizda “Yerni boqsang, yer ham seni boqadi”, degan maqol bejiz aytilmagan. Sohada yuqori natijaga erishish uchun avvalo rizq-roʻzimiz manbai boʻlgan yerni eʼzozlash, tuproq unumdorligini oshirish zarur. Klaster va fermer xoʻjaliklari bu muhim tadbirlarga alohida eʼtibor qaratayotgani yutuqlar omili boʻlyapti.
—Joriy yilda respublikamiz hududlarida jami 1 million 32 ming gektar sugʻoriladigan maydonlarda boshoqli don ekinlari ekilib, parvarishlandi, — deydi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bosh boshqarmasi boshligʻi Zafar Ortiqov. — Bugʻdoy oʻtgan yilga nisbatan 10-15 kunga ertaroq ekilib, toʻliq undirib olindi. Ayniqsa, qish oylarida havo haroratining iliq kelishi natijasida tinim davri oʻta qisqa boʻldi. Shimoliy tumanlarda ham sovuq taʼsirida bugʻdoy maysalarining nobud boʻlishi kuzatilmadi.
Bu yilgi bahor oylarida yogʻingarchilik miqdorining oʻtgan yilga nisbatan koʻp, havo haroratining past boʻlishi hisobiga gʻallani oʻsishi, donning toʻliq yetilishiga ijobiy taʼsir qilib, hosildorlik salmogʻi ortdi. Agar mamlakatimizda 2020-yilda oʻrtacha hosildorlik gektaridan 57 sentnerni tashkil etgan boʻlsa, 2021-yilda 64 sentnerga yetdi. 2022-yilda esa, gektaridan 70 sentnerdan xirmon koʻtarildi.
Yetishtirilgan gʻalla hosilini qisqa muddatlarda, sifatli oʻrib-yigʻib olish maqsadida respublika xududlarida 2 ming 633 ta gʻalla oʻrish otryadlari tashkil etilib, otryadlarga 3 ming 257 ta yuqori unumli gʻalla oʻrish kombaynlari, gʻalla oʻrish otryadlariga 13 ming 675 ta yuk avtomobillar, 1 ming 498 ta traktor tirkamasi, 1 ming 374 ta koʻchma ustaxona va 1 ming 425 ta yonilgʻi qoʻyish shahobchalari gʻalla oʻrim-yigʻim mavsumida qatnashdi.
Bugungi kunda respublika boʻyicha jami gʻalla maydonlaridagi hosil oʻrib-yigʻib olindi va umumiy xirmon 7,2 million tonnadan oshdi. Har gektar yerdan oʻrtacha 70 sentnerdan hosil olindi, Bu oʻtgan yilga nisbatdan 5,9 sentnerga yuqori boʻlganligidan dalolat beradi.
Misol uchun, Fargʻona viloyatida 99,5 ming gektardan 747 ming tonna (75 s/ga), Surxondaryoda 90,8 ming gektardan 663 ming tonna, (73 s/ga), Jizzaxda 93,5 ming gektardan 689 ming tonna, (73 s/ga), Toshkent viloyatida 103,5 ming gektardan 727,2 ming tonna (70 s/ga), Andijonda 76 ming gektardan 540 ming tonna, (71 s/ga), Buxoroda 60,6 ming gektardan 424 ming tonna (70 s/ga) yalpi hosil olindi.
Mazkur jarayonni Fargʻona viloyati misolida tahlil qiladigan boʻlsak, 28 ta gʻallachilik kalasteri tashkil etilib, 99 ming 500 gektar maydonda 2686 ta fermer xoʻjaligi bilan fyuchers shartnomasi tuzildi. Shu kungacha 746 ming tonnadan oshiq boshoqli don hosili yigʻishtirib olindi. Har gektar yerdan olingan hosildorlik salmogʻi 75 senterdan oshdi. Oʻrim-yigʻim ishlarini uyushqoqlik bilan oʻtkazish maqsadida 335 ta oʻrim otryadlari shakllantirildi, 1704 ta don tashish texnikalari, 165 ta koʻchma ustaxonalar va 106 ta yoqilgʻi tashish mexanizmlari jalb etildi.
Viloyat gʻalla xirmoniga Beshariq, Buvayda, Oʻzbekiston, Furqat, Quva, Qoʻshtepa va Uchkoʻprik tumani gʻallakorlari munosib hissa qoʻshdi. Quva tumanidagi “Tursuntosh-Odinaxon-Shirmonoy” fermer xoʻjaligi har gektar yerdan 100 sentnerdan, Beshqariq tumanidagi “Tolibjon Maxmudov orzusi”, “Davron”, “Shohjaxon Alisher” fermer xoʻjaliklari dalalaridan 90 senterdan ortiq don olindi.
Prezidentimizning “Gʻallani yetishtirish va sotishda bozor tamoyilini joriy etishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori yetishtirilgan gʻallani bozor narxida toʻliq erkin sotish huquqini berdi. Bu fermer va klasterlar uchun katta imkoniyat yaratyapti. Ishlab chiqaruvchilar bugʻdoy va un mahsulotlarini birja orqali erkin narxlarda sotib olmoqda.
— Bu yilga mavsum har yildagidan faqr qildi, — deydi viloyat hokimining oʻrinbosari Alibek Tursunov. — Yaratilgan yangi tizimga koʻra, hosilga birja narxlaridan kelib chiqib hisob-kitob qilinishini dehqon-fermerlar, klasterlar koʻtarinki kutib oldi. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, mavsumda oʻrib olingan gʻallaning 230 ming tonnasi sanoat, 25 ming tonnasi urugʻlik uchun qabul qilindi. Yangi tartibga koʻra, sanoat yoʻnalishiga qabul qilingan gʻallaning 179 ming 640 tonna, yaʼni 78,1 foiziga kafolatlangan narxda — 3 million soʻmdan haq toʻlanadi. 50 ming 360 tonnasi erkin narxda birja savdolariga qoʻyildi. 100 ming tonna gʻalla klasterlari, 331 ming tonnasi fermer xoʻjaliklari ixtiyorida qoldi. Endilikda gʻalla yetishtiruvchilardan rejadan tashqari ortiqcha hosilni talab qilishga toʻliq chek qoʻyildi.
Beshqariq tumanidagi “Sherali Nazarqulov” fermer xoʻjaligi uygan xirmon salmogʻi 204 tonnadan oshdi. Don xarid qilishda joriy etilgan yangi tizimga koʻra, bugʻdoyning 150 tonnasiga 3 million soʻmdan, qolgan qismi birja savdolarida erkin narxda sotish uchun jamgʻarildi.
— Gʻallani davlat tomonidan sotib olish va sotishda bozor narxlariga oʻtilishi fermerlar uchun katta imkoniyat berdi, — deydi fermer xoʻjaligi rahbari Nuridin Nazarqulov. — Oʻtgan yili gʻalla yetishtirish boʻyicha shartnoma rejasini bajargan boʻlsakda 50 million soʻm zarar koʻrganmiz. Chunki mahsulot tannarxi harajatlarni qoplamagan. Bu yilgi yakuniy natija chakki emas. Hisob-kitoblarimizga koʻra, gʻallachilikdan koʻzlangan yalpi daromadimiz salmogʻi bir milliard soʻmga yetdi. Bu ishchi–xizmatchilar manfaatdorligini oshirish, yangi texnika sotib olish va qoʻshimcha tarmoqlar faoliyatini yoʻlga qoʻyish imkoniyatini beradi. Shuningdek, fermer bugʻdoyi don korxonalarida vaqtincha saqlab berish, birja toʻlovlaridagi imtiyozlar eʼtiborli amallardan. Yurtboshimizga rahmat endi mehnatimizga yarasha manfaat koʻryapmiz. Bu yangi marra, maqsadlarni koʻzlab ish yuritish imkoniyatini beradi.
Xirmoni donga toʻlgan fermerlar xayrli va savobli amallarga bosh boʻlmoqda. Kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga bepul don, somon, takroriy ekinlar uchun yer maydonlari ajratib berilyapti.
Prezidentimizning yuqorida qayd etilgan qaroriga asosan, joriy yilda respublika boʻyicha jami 2 million 656 ming tonna, shundan, 1 million 842 ming tonna bugʻdoy davlat zaxirasiga, 573 ming tonna bugʻdoy vaqtincha saqlash uchun va 241,6 ming tonna urugʻlik don qabul qilindi.
Bugungi kunda gʻalla oʻrimi yakuniga yetib, qariyb 98 foiz maydonga takroriy ekinlar ekildi. Iyul oyi yakunigacha 820 ming gektar maydonga ekilgan takroriy ekinlardan 11 million tonna mahsulot yetishtirish, kelgusi yilgacha yetarli zaxira yaratish ustida ish olib borilyapti. Bu dehqon va fermerlar daromadiga qoʻshimcha daromad qoʻshadi. Gʻallakorlar esa, kelgusi yil hosili uchun tayyorgarlik ishlarini boshlab yuborishdi.
Abdurauf QORJOVOV,
Rasuljon KAMOLOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbirlari