Hayajonli daqiqalar ortda qoldi. Talabalik safiga qabul qilingan yoshlar oldida navbatdagi dovon — turar joy topish masalasi turibdi. Ilm olish uchun olis hududlardan shaharlar markaziga keladigan talabalarning turar joy izlashi yangilik emas.

Oʻtgan davrda yotoq oʻrinlari bilan taʼminlashning oʻziga xos tizim yaratildi. Biroq bu masala butunlay yechim topdi, degani emas. Mamlakatimizda oliy taʼlimga qaratilgan eʼtibor natijasida OTMlar soni 216 taga oshdi. Talabalar soni ham 1 milliondan ziyod. Bu esa, oʻz navbatida, ularni turar joy bilan taʼminlash masalasining dolzarbligini oshirmoqda.

Prezidentimizning 2023-yil 28-fevraldagi farmonida joriy yil yakuniga qadar mamlakatimiz boʻyicha 18 ming oʻrinli talabalar turar joylarini foydalanishga topshirish vazifasi belgilangan.

— Ayni paytda 38 ming oʻrinli 83 ta talabalar turar joyini barpo etish boʻyicha loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, davlat-xususiy sheriklik asosida 23 ming 494 oʻrinli 50 ta, OTM va byudjet mablagʻi hamda investitsiya dasturi doirasida 10 ming 660 oʻrinli 21 ta talabalar turar joyi qurilishi uchun tegishli mablagʻ ajratildi, — deydi oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining iqtisodiy masalalar boʻyicha oʻrinbosari Sarvarxon Buzrukxonov. — Joriy yilning 1-iyul holatiga koʻra, 4 ming 702 oʻrinli 12 ta talabalar turar joyi foydalanishga topshirildi. Ayni paytda 24 ming 394 oʻrinli 51 ta talabalar turar joyi qurilishi jadal surʼatda davom etmoqda. Yangi oʻquv yili boshlangunga qadar yana 6 ming 400 oʻrinli 11 ta talabalar turar joyi foydalanishga topshiriladi.

Shu kunlarda vazirlik mutasaddilarining eʼtibori yangi oʻquv yili boshlangan dastlabki kunlardanoq talabalarni yotoqxona va ijara xonadonlarga joylashtirishga qaratilyapti. Hisob-kitoblar vaqtida poytaxtdagi 112 ta davlat oliy taʼlim muassasasida kunduzgi taʼlim shaklida tahsil olayotgan 556 mingdan ziyod talabadan qariyb yarmi oʻzining yoki yaqin qarindoshining uyiga joylashgani aniqlangan. Hozir 302 ta talabalar turar joyiga 116 ming 535 talabani joylashtirish koʻzda tutilmoqda. Turar joylardagi oʻrinlarni alohida imtiyozga ega talabalarga taqsimlash ishlari nihoyasiga yetkazilgan. Bu yil 75 ming 424 talaba avvaldan mavjud boʻlgan, oʻtgan yillarda istiqomat qilgan va kelgusi oʻquv yili uchun ham band qilib qoʻyilgan ijara xonadonlarga joylashadi. Hozir 77 ming 508 talaba turar joyga muhtoj. Shuning uchun biz asosan shu kontiyengent bilan ishladik.

Bu yildan eʼtiboran OTMlarda talabalarga ijara uylari topishda koʻmaklashadigan tizimning joriy etilgani ham qulaylik boʻldi. Sababi, talabaning ijtimoiy holati va boshqa ehtiyoji OTMga yaqqol ayon. 1-avgust holatiga koʻra, uy egalari bilan birma-bir suhbatdan keyin 20 ming 978 ta ijara xonadon roʻyxati tayyor boʻldi. Hisob-kitoblarga koʻra, mazkur xonadonlarga 74 ming 649 talaba joylashishi mumkin.

Eng katta OTMlar poytaxtimizda joylashgan. Shunga yarasha talabalar turar joyiga ehtiyoj ham salmoqli. Bu hududda 30 ming 707 talaba ijaraga muhtoj. Hozir 9 ming 523 ta boʻsh ijara xonadon topilib, manzilli roʻyxati shakllantirildi. Ushbu xonadonlarga 29 ming 800 nafar talabani joylashtirish imkoni mavjud.

Endi vazirlik oldida turgan asosiy masala boʻsh turgan ijara xonadonlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni talabalarga, ota-onalariga yetkazish boʻlyapti. Shuning uchun har bir OTMning veb-sayti, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar haqida talabalarga koʻproq maʼlumot yetkazishga harakat qilinyapti. Talabalar ijara toʻlovining bir qismini qoplab berish ishlarini ham davom ettirilmoqda.

Vazirlar Mahkamasining shu yil 14-avgustdagi “Oliy taʼlim muassasalari talabalarini turar joy bilan taʼminlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori sohada yana bir qulaylikka yoʻl ochdi. Unga muvofiq, endi davlat OTMlarining talabalar turar joyiga joylashish davlat xizmati markazlari va (yoki) Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali elektron ariza berish yoʻli bilan amalga oshiriladi. Talabalarga navbatni onlayn kuzatish va badal puli toʻlash imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, talabalar bilan tuziladigan turar joy ijara shartnomalari davlat soliq xizmati organlarida soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali masofadan turib biometrik identifikatsiyalash (Face-ID) texnologiyasi orqali elektron shaklda real vaqt rejimida hisobga qoʻyiladi.

Talabalar mazkur xizmatdan foydalanish uchun yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ariza yuboradi. Arizalar tegishli vazirlik va idoralarning axborot tizimiga kelib tushadi. Talabaning imtiyozi yoki boshqa tegishli maʼlumotlari axborot tizimi yordamida tekshiriladi. Ariza yakunida talabaga yotoqxonaga joylashishi uchun yoʻllanma berilgani yoki navbatga qoʻyilganligi haqida maʼlumot taqdim etiladi.

— Raqamlashtirishdan maqsad inson omilini, turli byukrokratik toʻsiqlar va har xil korrupsion holatlarning oldini olishdir, — deydi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi boʻlim boshligʻi Salohiddin Sanaqulov. — Hozir talabalarning 43 foizi yotoqxona bilan taʼminlash imkoniyati mavjud. Masalaning yana bir muhim jihati, ijara asosida yashaydigan talabalarimizga juda katta imkoniyat berildi. Avvalgi yillarda ijara toʻlovining bir qismini davlat hisobidan qoplab berish tartibi joriy qilingan edi. Oʻtgan vaqtda bu borada yuzaga kelgan ayrim muammolarni inobatga olib, endi talabalarimiz Toshkent shahrida ijara shartnomasining summasidan qatʼi nazar, toʻlovning qoplanadigan qismi sifatida bazaviy hisoblash miqdorining 1 barobari miqdorida, yaʼni 330 ming soʻm oladigan boʻldi. Ilgari bu muammo boʻlgan. Chunki ijara shartnomasida turli summa koʻrsatilgan. Oʻsha summaga qarab toʻlash tartibi muammoni yuzaga keltirgan edi. Yoki xonadon egalalarining ijara shartnomalarini imzolashi jarayoni choʻzilib ketgan. Shu va boshqa byurokratik toʻsiqlarning oldini olish maqsadida sentyabr–oktyabr oylarida — aynan talabalar turar joylarga joylashadigan muhim pallada ijara toʻlovining bir qismini ijara shartnomasisiz toʻlab beriladigan tartib joriy qilindi. Bu ham juda katta imkoniyat.

“Oliy taʼlim muassasalari talabalarini turar joy bilan taʼminlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorga koʻra, 1-kurs talabalarini talabalar turar joyiga joylashtirish ushbu qaror bilan tasdiqlangan maʼmuriy reglament talablari asosida amalga oshiriladi. 2-kurs va undan yuqori kurs talabalarini talabalar turar joyiga joylashtirish anʼanaviy tarzda amalga oshiriladi. Bunda talabalar turar joyiga joylashish uchun ariza oliy taʼlim muassasasi talabalar turar joylariga joylashtirish komissiyasiga 2023-yil 25-avgustga qadar topshiriladi.

Qarorda imtiyozlilar toifasi ham belgilangan. Misol uchun, talabalar turar joylariga qabul qilish jarayonida “Mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchilari, ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlganlar, “Ijtimoiy himoya yagona reestri”, “Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari hamda “Yoshlar daftari”dagi yigit-qizlarga ustunlik beriladi. Shuningdek, I va I guruh nogironligi boʻlganlar, bir oiladan bakalavriat bosqichi kunduzgi taʼlim shaklida ikki yoki undan ortiq kishi boʻlib toʻlov-shartnoma asosida oʻqiyotganlar, xalqaro va Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi oʻtkazadigan fan olimpiadalari, “Yil talabasi” va “Talabalar teatr studiyalari” koʻrik-tanlovlari, “Zakovat” intellektual oʻyinining respublika bosqichi gʻoliblari, talabalar turar joyidagi talabalar kengashi raisi, qavat sardorlari ana shu ustunlikdan foydalanishi mumkin.

Risolat MADIYEVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri