Bu yildan ayrim taʼlim yoʻnalishlarining sirtqisiga hujjat qabul qilinmaydi

    Ta'lim 24 Iyun 2022 9877

    Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Pedagogik taʼlim sifatini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy taʼlim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida belgilab qoʻyildi.

    2022/2023 oʻquv yilidan boshlab:

    pedagog kadrlar tayyorlovchi OTM kunduzgi taʼlim shaklida tahsil olayotgan 2-4-bosqich talabalari uchun haftalik oʻquv mashgʻulotlari “4+2” tartibida, shu jumladan darslarning 4 kuni OTMda, 2 kuni maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida amaliyot oʻtash tartibida olib borilishi taʼminlanadi;

    har yili pedagog kadrlar tayyorlovchi OTM ixtisoslik kafedralarining kamida 5 foiz professor-oʻqituvchilarini ushbu muassasalarning byudjetdan tashqari jamgʻarmalari hisobidan xorijiy davlatlarga tanlov asosida malaka oshirish va stajirovkaga yuborish choralari koʻriladi.

    2023/2024 oʻquv yili qabulidan boshlab pedagogik kadrlar tayyorlovchi OTMlarining mazkur qarorga 1-ilovada koʻrsatilgan taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha sirtqi taʼlim shakliga qabul amalga oshirilmaydi. 1-ilovada koʻrsatilmagan pedagogika sohasidagi taʼlim yoʻnalishlariga sirtqi taʼlim shakli boʻyicha oʻqishga taʼlim tizimida pedagogik faoliyatga oid kamida besh yillik ish stajiga ega boʻlgan shaxslar qabul qilinadi.