Joriy yilda Toshkent viloyatidagi umumtaʼlim maktablari hamda kasb-hunar kollejlarini 52 mingdan ziyod bitiruvchilar tamomlagan, shundan 40 mingga yaqin oʻquvchi-yoshlar oliy taʼlim muassasalariga hujjat topshirgan.

Viloyatdagi mavjud 5 ta oliy taʼlim muassasalariga 2020-2021 oʻquv yili uchun 7 825 nafar (4 650 tasi kunduzgi, 2 725 tasi sirtqi va 450 tasi kechki) talaba qabul qilish rejasi belgilangan. Shuningdek, bu yil xotin-qizlar uchun ham alohida grantlar ajratildi. Shunga asosan viloyat Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasiga viloyat boʻyicha jami 1 714 nafar xotin-qiz hujjat topshirgan boʻlib, komissiya tomonidan hujjatlar Nizom asosida oʻrganilgan va ularning 1 142 nafariga tavsiyalar berildi.

 

Xususan, Federal davlat avtonom oliy taʼlim muassasasi “Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti “MISiS” Olmaliq filialida ham qabul parametrlari asosida, abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilish 2020-yilning 20-iyunidan 31-iyulga qadar amalga oshirildi. 1 309 ta hujjatlar masofaviy qabul qilindi (onlayn).

 

Kirish imtihonlari esa yozma ravishda “Matematika”, “Fizika”, “Informatika” (“Texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish” taʼlim yoʻnalishi uchun) va “Rus tili” fanlari boʻyicha uch kun davomida 20-22-avgust kunlari soat 17:00 da “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJga qarashli “Metallurg” sport majmuasining stadionida oʻtkaziladi.

Imtihonlarni shaffof va obyektiv oʻtishi filial professor-oʻqituvchilari, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ ning Yoshlar ittifoqi vakillaridan iborat kuzatuvchilar tomonidan nazorat qilinadi. Bu boʻyicha ularga zaruriy koʻrsatmalar berilgan.

Kirish imtihonlari boʻlib oʻtadigan “Metallurg” stadionida “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ, shahar hokimiyati, IIB, SSB ishtirokida tayyorgarlik ishlari olib borildi. Jumladan, oʻyingohda abituriyentlar kirish joylari dezinfeksiya tunellari bilan birga, kerakli jihozlar, videokuzatuv uskunalari, yoritish moslamalari ham oʻrnatildi.

Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetiga qabul boʻyicha “Maktabgacha va boshlangʻich taʼlimda jismoniy tarbiya va sport” va “Sport faoliyati (faoliyat turlari boʻyicha)” bakalavriat taʼlim yoʻnalishlarida kasbiy (ijodiy) imtihonlarni hududlar kesimida oʻtkazish muddatlari ham tasdiqlandi.

Unga koʻra, kasbiy (ijodiy) imtihonlar joriy yilning 3-sentyabridan 18-sentyabrgacha Toshkent shahri va Toshkent viloyatida (universitet binosida) boʻlib oʻtadi.