Unda TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev, Turkiy Parlament Assambleyasi Bosh kotibi Mehmet Sureyya Er, Turkiy madaniyat va meros jamgʻarmasi prezidenti Aktoti Raimkulova, shuningdek, Ozarbayjonda, Qozogʻistonda xizmat koʻrsatgan xodimlar oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etishdi.
Forum Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning kirish soʻzi bilan ochildi.
— Bizning ajdodlarimiz hamisha jaholatga qarshi maʼrifat bayrogʻini baland koʻtarib, oʻz aql-zakovati va salohiyatini ilm-fan, madaniyat rivojiga bagʻishlaganlar. Bu tabarruk zamindan Xorazmiylar, Fargʻoniy, Beruniy yoki Zamahshariylar oʻz-oʻzidan yetishib chiqmagan. Navoiy yoki Bobur Mirzo birdaniga buyuk shoir boʻlib tugʻilib qolmagan. Oʻsha davrlardagi ilmiy-madaniy muhit jamiyatga ayni mana shunday buyuk shaxslarni, dunyo tan olgan olimu fuzalolarni yetishtirib bergan. Shu maʼnoda, bugun Oʻzbekistonda ilm-fan, madaniyat, sanʼat, adabiyot rivojiga juda katta eʼtibor qaratilmoqda, — dedi vazir.
Turksoy bosh kotibi Sulton Rayev mamlkatimizda madaniyat sohasida boʻlayotgan islohotlar haqida samimiy fikrlarini bildirdi. “Prezident Shavkat Mirziyoyev janobi oliylarining Yangi Oʻzbekistonning meʼmori sifatida uzoqni koʻzlab amalga oshirayotgan ishlari — mamlakatni suratan va siyratan yangilash, dunyoda uning yangi imijini yaratish, xalqni azaliy orzulari roʻyobi sari yetaklash hamda milliy qadriyatlardan suv ichgan demokratik islohotlar oʻzbekistonliklarning nafaqat hayotini, balki ongu tafakkurini ham oʻzgartirmoqda, desak, ayni haqiqat. Davlat rahbari tomonidan olib borayotgan konstruktiv va pragmatik tashqi siyosat Oʻzbekistonning Markaziy Osiyoda hamda turkiy dunyoda azaliy oʻrnini qayta tiklashi va mustahkamlashida muhim oʻrin tutmoqda. Oʻzbekiston Turkiy davlatlar tashkilotiga toʻlaqonli aʼzo boʻlib kirganidan soʻng barcha sohalar singari TURKSOY faoliyati doirasidagi hamkorlik aloqalari ham yangi bosqichga koʻtarildi.
Tadbirda soʻzga chiqqanlarning barchasi Oʻzbekiston madaniyati va sanʼatini eʼtirof etish barobarida yaqin hamkorlik istagida ekanini bildirdi.