Forumning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov va Vengriya tashqi ishlar va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Peter Siyyarto ishtirok etdi.
Oʻzbekiston hamda Vengriya oʻrtasidagi investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikni yana-da rivojlantirishning hal qiluvchi omili sifatida ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining oʻzaro aloqalarini mustahkamlash masalalari tadbirning asosiy mavzusi boʻldi.
Tadbirni ochar ekan P.Siyyarto ikki davlat aloqalarini rivojlantirishning ijobiy dinamikasini va Vengriya hukumati har ikki mamlakatga ustuvor boʻlgan yoʻnalishlarda iqtisodiy sheriklikni izchil kengaytirishga alohida eʼtibor qaratayotganini taʼkidladi, shuningdek, venger kompaniyalarini oʻzbekistonlik tadbirkorlar bilan oʻzaro aloqalarni faollashtirishga chaqirdi.
Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbari oʻz nutqida barcha qoʻshma loyihalar hamda tashabbuslarni amalga oshirishda davlatning har tomonlama yordami kafolatlanganligini taʼkidladi. Shu bilan birga, vengriyalik salohiyatli investorlar va savdo sheriklarini Oʻzbekiston hukumatining Oʻzbekiston – Vengriya ishbilarmonlik hamkorligini jadal rivojlantirishga sodiqligiga ishontirib, ikki mamlakat ishbilarmonlik aloqalarini faollashtirish muhimligini taʼkidladi.
Vengriya kompaniyalariga xorijiy investorlar uchun Oʻzbekistonning ochiqligini taʼminlash va jozibadorligini oshirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar, shaffof ishbilarmonlik muhitini shakllantirish, korrupsiyaga qarshi kurashish, investitsiya muhitini yaxshilash va iqtisodiyotda davlatning rolini bosqichma-bosqich qisqartirish boʻyicha koʻrilayotgan choralar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berildi. Qolaversa, qishloq xoʻjaligi, farmatsevtika, yengil sanoat, oziq-ovqat sanoati, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi va bank-moliya sektori kabi istiqbolli yoʻnalishlarda investitsiyaviy imkoniyatlar ham chuqur ochib berildi.
Biznes-forum davomida, shuningdek, vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari hamda Oʻzbekiston va Vengriyaning yetakchi kompaniyalari rahbarlari oʻrtasida “G2B” va “V2V” uchrashuvlari oʻtkazildi. Unda ishtirokchilar qoʻshma korxonalar tashkil etish va oʻzaro manfaatli savdo bitimlarini tuzish masalalarini atroflicha muhokama qilish imkoniyatiga ega boʻldilar.
Tadbir yakunida Oʻzbekistonning turli hududlarida parrandachilik, baliqchilik, chorvachilik va oziq-ovqat sanoati sohalarida 12ta investitsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha qator ikki tomonlama bitimlar imzolandi. Bundan tashqari, 76 ta yangi istiqbolli investitsiya loyihasi ustida birgalikda ishlashni davom ettirishga kelishib olindi. Ulardan 26tasi boʻyicha Oʻzbekiston va Vengriya taraflardan hamkorlar aniqlangan boʻlib, tegishli muzokaralar olib borilmoqda.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligi va Savdoni rivojlantirish boʻyicha Vengriya agentligi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida bitim, oʻzaro sayyohlik oqimlari hajmini koʻpaytirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Xususiy turizm tashkilotlari Assotsiatsiyasi hamda Vengriya Sayyohlik agentliklari va turoperatorlari Assotsiatsiyasi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida bitim, shuningdek, Oʻzbekistonda farmatsevtika sohasida taʼlim tizimini takomillashtirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi hamda Vengriya farmakologik klasteri oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida bitim imzolandi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.