Oliy taʼlim vazirligining maʼlum qilishicha, abituriyentlar bugun, soat 23:59 ga qadar roʻyxatdan oʻtishlari yoki (toʻlov amalga oshirilgan boʻlsa ham) maʼlumotlariga oʻzgartirish kiritishlari mumkin. 26-iyundan boshlab maʼlumotlarni tahrirlash imkoniyati yopiladi.
Shu munosabat bilan Oliy taʼlim vazirligi abituriyentlarga quyidagilarni tavsiya etdi.
- Roʻyxatdan oʻtishni kechiktirmasdan, imkon qadar erta yakunlash;
- Fanlar majmuasi (ketma-ketligi), taʼlim tili va test topshirish hududini tanlashda xatoliklarga yoʻl qoʻymaslik;
- Xalqaro sertifikatlarini tizimga imkon qadar ertaroq yuklash;
- Test sinovi uchun toʻlovni oʻz vaqtida amalga oshirish (imtiyozga ega boʻlganlar bundan mustasno);
Vazirlik tomonidan barcha kiritilgan maʼlumotlar va toʻlov holatini shaxsiy kabinet (qayd varaqasi) orqali tekshirib chiqish kerakligi eslatildi.
my.uzbmb.uz havolasi orqali roʻyxatdan oʻtiladi.








