Travmatologiya (yun. travmatos — yara, jarohat, shikastlanganlik) — a'zo va to'qimalarning mexanik shikastlanishi, ularning oldini olish va davolash yo'llarini o'rganadigan fan.

Insoniyat tarixida tibbiyot, avvalo, jarohatlarni davolashdan boshlangan, shuning uchun travmatologiyani tibbiyotning barcha sohalari ichida eng qadimiysi, deyish mumkin. Misr mumiyolari va boshqa arxeologik topilmalarni o'rganish shuni ko'rsatadiki, miloddan bir necha ming yil ilgari yashagan odamlar singan suyaklarni mahkamlashning sodda usullarini bilishgan. Travmatologiyaning ilk ilmiy asoslari Gippokrat asarlarida keltirilishicha, elka suyagi chiqishlarini joyiga solishning bir necha usullarini, suyak singanda repozitsiya va immobilizatsiya qilish yo'llarini taklif etgan. O'rta asrlarda travmatologiyaning rivojlanishi Abu Ali ibn Sino nomi bilan bog'liq. Uning "Tib qonunlari" asarida yumshoq to'qimalar jarohatlarini, suyak sinishlari va chiqishlarini davolash haqida batafsil yozilgan.

O'zbekistonda bu soha fan sifatida 20-yillardan rivojlana boshladi. 1926 yilda O'rta Osiyo Dorilfununning tibbiyot kulliyotida ortopediya va suyak sili dotsentlik kursi tashkil etilishi, 1930 yilda Fizioterapiya institutida ortopediya klinikasi ochilishi, keyinchalik Ortopediya, travmatologiya va suyak sili ilmiy tekshirish institutiga aylantirilishi travmatologiya va ortopediya muammolari ustidagi tadqiqot ishlarining rivojlanishiga imkon berdi.