Bugun, 25-iyun kuni 2026/2027-o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalariga kirish bo‘yicha onlayn ro‘yxatdan o‘tish yakunlanadi.
Abituriyentlar my.uzbmb.uz platformasi orqali soat 23:59 ga qadar ro‘yxatdan o‘tishlari yoki avval kiritilgan ma’lumotlarini tahrirlashlari mumkin. To‘lov amalga oshirilgan bo‘lsa ham, ma’lumotlarni bugun kun yakuniga qadar o‘zgartirish imkoniyati mavjud. Belgilangan muddatdan so‘ng esa ma’lumotlarni tahrirlashning imkoni bo‘lmaydi.
Shu bois abituriyentlarga qabulning so‘nggi daqiqalarini kutmasdan, imkon qadar ertaroq ro‘yxatdan o‘tish tavsiya etiladi. Kun oxirida tizimga yuklama ortishi natijasida texnik uzilishlar yuzaga kelishi mumkin.
Ro‘yxatdan o‘tishda fanlar majmuasi, ta’lim tili va test topshirish hududini tanlashda e’tiborli bo‘lish, shuningdek, test sinovida ishtirok etish uchun to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirish lozim. To‘lovdan ozod etilgan toifalar bundan mustasno. To‘lov qilinmagan taqdirda abituriyent test sinovlariga kiritilmaydi.
Shuningdek, kiritilgan ma’lumotlar hamda to‘lov holatini shaxsiy kabinet orqali tekshirib olish tavsiya etiladi.
Bilimni baholash agentligi ma’lumotiga ko‘ra, 25-iyun kuni soat 08:05 holatida davlat oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga qabul uchun 681 ming 450 nafar abituriyent onlayn ro‘yxatdan o‘tgan.
Ro‘yxatdan o‘tganlarning 432 ming 979 nafari joriy yil bitiruvchilari bo‘lsa, 248 ming 471 nafari avvalgi yillarda ta’lim muassasalarini tamomlagan talabgorlardir.
Jinslar kesimida tahlil qilinganda, abituriyentlarning 365 ming 733 nafari (53,7 foiz) ayollar, 315 ming 717 nafari (46,3 foiz) erkaklardan iborat.
Ta’lim tili bo‘yicha eng katta ulush o‘zbek tiliga to‘g‘ri keladi. Natijalar quyidagicha:
O‘zbek tili — 603 000 nafar (88,5 foiz)
Rus tili — 63 693 nafar (9,3 foiz)
Qoraqalpoq tili — 130319 nafar (2,0 foiz)
Boshqa tillar — 1 438 nafar (0,2 foiz)
Hududlar kesimida eng ko‘p abituriyent Toshkent shahrida qayd etilgan bo‘lib, ularning soni 116 ming 882 nafarga yetgan. Keyingi o‘rinlarda Samarqand viloyati (73 ming 677 nafar), Farg‘ona viloyati (67 ming 342 nafar), Qashqadaryo viloyati (60 ming 650 nafar) va Andijon viloyati (58 ming 564 nafar) qayd etilgan.
Shuningdek, Namangan viloyatidan 50 ming 667 nafar, Surxondaryo viloyatidan 48 ming 812 nafar, Xorazm viloyatidan 45 ming 549 nafar, Jizzax viloyatidan 35 ming 754 nafar, Buxoro viloyatidan 32 ming 161 nafar, Navoiy viloyatidan 31 ming 892 nafar, Qoraqalpog‘iston Respublikasidan 31 ming 883 nafar hamda Sirdaryo viloyatidan 21 ming 749 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan.
Eng kam ko‘rsatkich Nurafshon shahrida (Toshkent viloyati) qayd etilib, 5 ming 868 nafar abituriyent hujjat topshirgan.
Eslatib o‘tamiz, abituriyentlar @mandat_javobbot yordamida OTMlar, ta’lim yo‘nalishlari va o‘tish ballari bilan tanishishlari mumkin. Shuningdek, @sinovtestuz_bot orqali diagnostik testlarni ishlab, o‘z bilimlarini bepul sinovdan o‘tkazish imkoniyatiga ega.