Bugun ham toʻrt nafar dzyudochimiz Tbilisidagi musobaqada gilamga chiqadi

    Dzyudo boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasining Tbilisi “Katta dubulgʻa” turniridagi ishtiroki davom etadi.

    Bugun oʻrta vazn toifasida kechadigan bahslarda 4 nafar hamyurtimiz medallar uchun kurash olib boradi.

    Xususan, - 73 kilogramm vazn toifasida sportchimiz Obidxon Noʻmonov polshalik raqibi Adam Stodolski, -81 kilogrammda Hikmatulloh Toʻrayev gruziyalik Levan Gugava va gretsiyalik Atanasios Milonelis oʻrtasida kechadigan bahs gʻolibi bilan kuch sinashadi. Xuddi shu vazndagi yana bir sportchimiz Muso Sobirov esa Ibrohim Keyta (Fransiya)ga, - 70 kilogrammdagi sportchimiz Shohista Nazarova esa polshalik Ursula Xofmanga qarshi gilamga chiqadi.

    Eslatib oʻtamiz, kechagi kun bahslarida -52 kilogramm vazn toifasida barcha raqiblarini magʻlubiyatga uchratgan hamyurtimiz Diyora Keldiyorova musobaqa gʻolibiga aylandi.

    Barcha bellashuvlarni muddatidan avval yakunlab kelayotgan samarqandlik dzyudochimiz finalda ham chempionlik uchun koʻp vaqt sarflamadi. Tokio-2020 Olimpiadasi chempioni kosovolik Distriya Krasnichi atigi 40 soniya ichida taslim etildi.

    Bu Keldiyorova uchun “Katta dubulgʻa” turnirlaridagi toʻrtinchi oltin medal hisoblanadi. Ushbu gʻalaba orqali u jahon reytingi uchun 1000, Parij-2024 yoʻlida 500 ochkoni oʻz hisobiga qoʻshib qoʻymoqda.