Mamlakatimizda joriy yil 9-iyul kuni boʻlib oʻtadigan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga qizgʻin taraddud koʻrilmoqda. Yurtimizning barcha hududlarida saylov okruglari va uchastka saylov komissiyalari tashkil etilib, saylovchilar uchun zamonaviy imkoniyatlar yaratildi. Ayni kunlarda Prezidentlikka nomzodlarning saylovoldi targʻiboti qizgʻin kechmoqda.

Qonunchiligimizga muvofiq, saylov kuni oʻz yashash joyida boʻlish imkoniyatiga ega boʻlmagan saylovchilar muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega. Shu maqsadda bugun respublikamizda boʻlib oʻtadigan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida muddatidan oldin ovoz berish jarayoni boshlanadi. Respublikamiz boʻylab saylov uchastkalari soat 11:00 dan muddatidan oldin ovoz berish uchun ochiladi.

Muddatidan oldin ovoz berishni amalga oshirish uchun saylovchi tegishli uchastka saylov komissiyasining aʼzosiga oʻz shaxsini tasdiqlovchi hujjatni koʻrsatadi. Saylov kunida boʻla olmasligining sabablari koʻrsatilgan ariza asosida uchastka saylov komissiyasidan saylov byulleteni va konvert oladi. Saylov byulletenini olgani haqida ushbu uchastka saylov komissiyasining kamida ikki aʼzosi hozirligida saylovchilar roʻyxati koʻchirmasiga imzo qoʻyadi.

Toʻldirilgan saylov byulletenini konvertga soladi va yelimlab uchastka saylov komissiyasi aʼzosiga topshiradi. Uchastka saylov komissiyasining ikki aʼzosi saylovchi huzurida konvertning yelimlangan joyiga imzo qoʻyadi, soʻngra komissiyaning muhri bilan tasdiqlanadi. Konvert saylov kuni ovoz berish jarayoni yakunlanguniga qadar uchastka saylov komissiyasining seyfida turadi.

Saylov uchastkasida muddatidan oldin ovoz berish vaqti ish kunlari soat 9:00 dan soat 18:00 ga qadar, dam olish va bayram kunlari soat 11:00 dan soat 17:00 ga qadar amalga oshiriladi.

Muddatidan oldin ovoz berish 2023-yil 5-iyul kuni yakunlanadi.

Bahor XIDIROVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri