Hisobotda soʻnggi yillarda respublikada yoshlarning oliy taʼlim bilan qamrovi oshib borishi bilan bir qatorda yotoqxonalarga boʻlgan ehtiyoj ham ortib borganligi atroflicha tahlil etildi.
Xususan, 2020-yilda davlat oliy taʼlim muassasalarida umumiy quvvati 60 ming oʻrinli 228 ta talabalar turar joylari mavjud boʻlib, ehtiyojning 28 foizi taʼminlangani, qoʻshimcha 149 ming oʻrinli talabalar turar joyiga talab mavjud ekani qayd etildi.
Shuningdek, 2022-yilda oliy taʼlim muassasalarida 20 850 yotoq oʻrin yaratilishi va taʼminlanish darajasi 47 foizga yetkazilishi, bugungi kunda esa dastlabki 550 oʻrinli yotoqxona foydalanishga topshirilganiga alohida toʻxtalindi.
Vazir oʻz navbatida, Prezident tomonidan mazkur muammoni bosqichma-bosqich, lekin jadal yechimi boʻyicha oʻziga xos tizim yaratilganini taʼkidlab, jumladan talabalar turar joylarini oʻz mablagʻlari hisobidan qurgan mahalliy tadbirkorlarga bino umumiy maydonining 20 foizdan oshmagan qismiga boʻlgan mulk huquqini tadbirkorga oʻtkazish boʻyicha katta hujjatga imzo qoʻyilganini aytib oʻtdi.
Davlat-xususiy sheriklik loyihalarini erkin kelishiladigan 4 ta shart asosida moliyalashtirish boʻyicha 1 nafar talaba uchun bir yilga beriladigan subsidiya miqdori tahliliy maʼlumotlar asosida batafsil ochib berildi.