Bugun poytaxtimizda 2024 yili Qatarda bo'lib o'tadigan U-23 Osiyo kubogi saralash bosqichi “E” guruhi o'yinlari boshlanadi. Bu guruhdan O'zbekiston, Afg'oniston, Hongkong va Eron milliy termalari o'rin olgan.
Jamoamiz dastlabki o'yinni bugun “Jar” stadionida Afg'oniston termasi bilan o'tkazadi. 9 sentyabr kuni esa Hongkong termasi bilan kuch sinashadi. Guruhdagi so'nggi o'yinda jamoamiz 12 sentyabr kuni eronlik futbolchilarga qarshi maydonga tushadi.
“Dastlabki raqibimiz – Afg'oniston. Afsuski, bu jamoa haqida deyarli ma'lumot topa olmadik. Ularning o'yinlari bo'yicha videomateriallar yo'q. Ammo futbolchilarimizning mahorati g'alaba qozonishga etadi”, dedi matbuot anjumanida terma jamoamiz bosh murabbiyi Temur Kopadze.