Bugun ota-bobolarimizning ruhlari ham shod boʻlsa, ne tong!

    Fikr 23 Sentabr 2020 926

    Davlatimiz rahbarining eng nufuzli xalqaro anjumanda oʻzbek tilida maʼruza qilishi oʻzbek tiliga Davlat tili maqomi berilganining 31 yilligiga munosib tuhfa boʻladi, inshaalloh.

    Oʻzbek tilida soʻzlangan nutqning jarangi, ohang va jozibasi har bir vatandoshimizga gʻurur va iftixor tuygʻusini berishi shubhasiz.

    Turkiyaning nufuzli nashrlaridan biri “Cumhuriyet” gazetasida “Oʻzbek tili BMTda. Shavkat Mirziyoyev rahbarligidagi Oʻzbekiston yangi marralarga intilmoqda...” sarlavhasi ostida chop etilgan maqola muallifi Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida butun dunyo afkor ommasi huzurida birinchi marta Alisher Navoiy tilida nuqt soʻzlashini tarixiy quvonchli voqea sifatida eʼtirof etgani ham bejiz emas.

    Maqolada Oʻzbekiston Markaziy Osiyodagi turkiy tilli davlatlar orasida eng koʻp nufusga ega davlat ekani, mamlakat aholisi asosan oʻzbeklardan iboratligi, qoʻshni davlatlarda ham koʻp sonli oʻzbeklar yashashi qayd etilgan. Mamlakatimizda boshqaruv tizimi yangilanayotgani, qoʻshni va mintaqadagi davlatlar bilan ishonchli hamkorlikka intilishlari diqqatga sazovorligi eʼtirof etilgan.

    Bugun Prezidentimizning maʼruzasi ilk bor oʻzbek tilida dunyo boʻylab jaranglaydi. OAV, ijtimoiy tarmoqlar orqali milliardlab insonlar tomosha qiladi, tinglaydi. Biz uchun bundan ortiq baxt, quvonch yoʻq! Bu tarixiy voqea ona tilimizga boʻlgan cheksiz hurmat, milliyligimizni, oʻzligimizni qadrlashga boʻlgan ehtirom belgisidir.

    Bugun ota-bobolarimizning ruhlari ham shod boʻlsa, ne tong!

    Tursinoy MURATOVA,

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati