O‘tgan yil oktyabrda tashkil etilgan Oksford o‘zbekshunoslik dasturi qisqa vaqtda ijobiy natijalar bera boshladi. Joriy yil sentyabrda dasturning ilk qaldirg‘ochlari tahsilni yakunladi. Ular yoz mavsumida maxsus tashkil etilgan yozgi maktab doirasida yurtimizga kelib, o‘zbekona muhit bilan bevosita tanishish imkoniga ega bo‘ldi.
“El-yurt umidi” jamg‘armasi, Oksford universiteti hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti o‘rtasidagi hamkorlik ta’lim sohasida xalqaro aloqalarning ilg‘or modellaridan birini yaratib bermoqda. Jamg‘armaning har tomonlama ko‘magi davlatimiz tomonidan milliy o‘zligimizni targ‘ib etish hamda chet ellik mutaxassislar orqali mamlakat imijini yaxshilashga qanchalik katta e’tibor qaratilayotganini tasdiqlaydi.
Biroq loyihaning asl mohiyati xorijliklarga shunchaki til o‘rgatish bilan cheklanib qolayotgani yo‘q. Asosiy maqsad O‘zbekistonni yaxlit sivilizatsiya sifatida e’tirof etib, uning ko‘p qirrali tarixi, boy etnografiyasi va bugungi rivojlanish jarayonini birga tadqiq etuvchi akademik platforma yaratishdan iborat. Xorijlik talabalarning yozgi maktab doirasida dastlab poytaxtimizdagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lgani ham ayni shu maqsadga xizmat qiladi.
Ayniqsa, Oksford universiteti professori, taniqli turkolog Nikolas Kontovasning yozgi maktabga kelib, mashg‘ulotlarda ishtirok etgani dastur salmog‘i va qiziqarliligini oshirdi.
— Angliyadan kelib, o‘zbek tilini o‘rganmoqchi bo‘lgan talabalarimiz o‘zbekcha atigi bir-ikki so‘z ishlatsa ham juda sevinaman, — deydi Nikolas Kontovas. — O‘zbek tiliga berilayotgan, bora-bora kuchayib borayotgan bu e’tibor, shubhasiz, tahsinga loyiq. O‘zimga ham, talabalarimizga ham o‘sha to‘lqinning ichida kichik qatra bo‘lish imkoni berilgani uchun barchaga tashakkur bildiraman.
Yozgi maktab mashg‘ulotlari quruq nazariyadan iborat bo‘lib qolmay, yoshlarga boy madaniyatimizni kundalik turmush tarzi orqali his qilish imkoni ham taqdim etildi. Til darslarida ishtirokchilar milliy taomlarimiz tarixi, xalqimizga xos mehmondo‘stlik an’analari yuzasidan suhbatlashdi, tanishdi. Shu bilan birga, milliy taomlarimizni tayyorlash bo‘yicha mahorat darslari ham tashkil qilinib, ularni tayyorlash sirlarini amaliyotda sinab ko‘rdi. Jarayonda ishtirok etgan mehmonlar o‘zbek oshxonasining betakror jozibasiga yana bir bor guvoh bo‘ldi. Amaliy san’at yo‘nalishidagi mashg‘ulotlar ham yoshlarda o‘zgacha qiziqish uyg‘otgani e’tiborga molik. Xattotlik darslarida ular qadimiy yozuvlarimiz, xususan, nasx, nasta’liq va kufiy xat turlarining farqi hamda o‘ziga xos xususiyatlarini o‘rgandi. Talabalar bu xatlarni mustaqil qog‘ozga tushirib, xattotlik san’atining nozik sirlarini o‘zlari uchun kashf etdi.
Kulolchilik bo‘yicha o‘tkazilgan qiziqarli darslarda esa ishtirokchilar loydan turli buyumlar yasab, hunarmandchilik zavqini tuydi. Har bir naqshida qadriyatlarimiz aks etgan milliy do‘ppilarimiz haqidagi ma’lumotlar hamda ularning hududlarga qarab turlicha kiyilishi talabalarning xalqimiz mentalitetini yaqindan anglashiga yordam berdi.
— Men asli Hindistondanman, hozir Angliyada yashayman. Oksford universitetining doktorantura bosqichida tahsil olaman. Ilmiy tadqiqot ishim temuriylar hamda shayboniylar tarixiga bag‘ishlangan, — deydi Akshaj Ashatshi. — O‘zbekistonni va o‘zbek tilini yoqtirib qoldim. Bu yerga kelishim o‘zbek madaniyati haqida yanada chuqur bilimga ega bo‘lishim uchun katta imkoniyat yaratdi. O‘zbek tilining naqadar qiziqarli ekanini bu tilni o‘rganayotganlar to‘laqonli his qila oladi. Biz bu yerda juda ajoyib insonlar bilan tanishdik, o‘zbek do‘stlarimizning mehmondo‘stligi bizni hayratga soldi. Safarimiz davomida Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda san’at muzeylariga bordik. Shuningdek, shaharning YUNESKO e’tirofiga sazovor bo‘lgan mashhur binolarini ko‘rishga muvaffaq bo‘ldik.
Bugungi xalqaro munosabatlarda davlatlarning qudrati faqat harbiy yoki iqtisodiy salohiyati bilan belgilanmayapti. Aksincha, mamlakat haqida shakllangan ijobiy fikr va uning madaniyatiga hurmat ko‘p hollarda eng ta’sirchan diplomatik vositaga aylanayotir. Oksford o‘zbekshunoslik dasturida tahsil olayotgan yoshlarning kelgusida o‘z mamlakatining nufuzli diplomati, yirik biznesmeni yoki mintaqamiz bo‘yicha yetakchi tahlilchisiga aylanishi shubhasiz. Sababi, bu nufuzli oliygoh dunyoga yetuk kadrlar yetishtirib berishi bilan mashhur. Shu ma’noda, dastur qatnashchilarini shunchaki o‘zbek tilini o‘rgangan chet elliklar emas, tariximiz hamda bugungi islohotlarimizni dildan his qiluvchi “elchilar” desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Demak, xorijda O‘zbekistonni dunyoga tanitadigan bunday intellektual va insoniy kapital kelajagimiz uchun eng mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Universitetlar o‘rtasidagi mazkur sheriklik o‘quv resurslarini yangilashga ham katta turtki bermoqda. Boshlang‘ich bosqichdayoq Yevropa standartlari (CEFR)ga to‘liq mos keladigan A1, A2 va B1 darajadagi darsliklarning amaliyotga joriy qilinishi milliy pedagogikamizning ham yutug‘i bo‘ldi. Kelgusida Oksford olimlari bilan hamkorlikda yangi avlod o‘quv adabiyotlarini yaratish aniq maqsad qilib olingan. Bunday nufuzli dargoh bilan hamkorlik qilish mahalliy olimlar, tadqiqotchi va yosh izlanuvchilar uchun yangi ufqlarni ochmoqda. Oksford mutaxassislari bilan hammualliflikda yaratiladigan har bir darslik o‘zbek olimlarining jahon ilm-faniga kirib borishi va moslashishini tezlashtiradi. Hozir chet ellik talabalar o‘zbek tili va madaniyatini nafaqat auditoriyada, balki onlayn platformada interaktiv usullarda o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Buning uchun yaratilgan maxsus platforma shunchaki til o‘rgatish bilan cheklanmay, yurtimiz tarixi, san’ati va an’analarini o‘zida jamlagan yirik virtual ensiklopediyaga aylanib ulgurdi.
O‘zbek tili bayrami arafasida mana shunday voqealarga guvoh bo‘lish har birimizga g‘urur bag‘ishlaydi. Oksford universiteti auditoriyalarida Navoiy g‘azallari yangrashi, xorijlik yoshlarning o‘zbekona lutf bilan so‘zlashishi ko‘p ming yillik madaniy merosimiz dunyo minbariga chiqayotganidan darak beradi. Ayni loyiha chet elliklar uchun O‘zbekistonni kashf etish vositasi bo‘lish bilan birga o‘zbek ilm-fani uchun dunyoga chiqish eshiklarini ochib beruvchi ma’rifat yo‘lidir. Tilimizning xalqaro obro‘sini yuksaltirish yo‘lidagi bunday dadil qadamlar yangi O‘zbekistonning jahon sivilizatsiyasidagi o‘rnini yanada mustahkamlaydi. Zero, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, o‘zbek tili raqamli dunyoda ilm va texnologiya yaratiladigan til bo‘lishi lozim va u bunga har jihatdan munosib.
Nozliya NORMURODOVA,
filologiya fanlari doktori, professor