Bugun Oʻzbekistonlik shaxmatchilar Hindiston terma jamoasiga qarshi dona suradi

    Bugun Vengriyaning Budapesht shahrida oʻtkazilayotgan 45-Butunjahon shaxmat Olimpiadasining 9-tur oʻyinlari boshlanadi.

    9-tur oʻyinlarida erkaklar terma jamoasi chempionlik yoʻlida asosiy raqib — Hindiston terma jamoasiga qarshi bahs olib boradi. Uchrashuvlar bugun soat 18:15 da boshlanadi.

    Ushbu uchrashuv shaxmatchilarimiz uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻlib, yigitlarimizdan yuqori darajadagi oʻyin kutib qolamiz.

    Ayollar terma jamoamiz esa Serbiya jamoasi bilan toʻqnash keladi. Qizlar terma jamoasidan ham gʻalaba uchun bor kuchlarini sarflab, yurtimiz shaʼnini himoya qilishiga ishonamiz.

    Eslatib oʻtamiz: Avvalroq Vengriyaning Budapesht shahrida oʻtkazilayotgan 45-Butunjahon shaxmat Olimpiadasining 7-tur oʻyinlarida erkaklar terma jamoasi Ukrainani 3:1 hisobida, qizlar esa Gretsiyani 2,5 : 1,5 hisobida magʻlub etgan edi.