Respublika rahbari Shavkat Mirziyoyev fabrika qurilishiga kapsula qoʻyish oldidan soʻzga chiqib, bu muhim voqeani mamlakat sanoatida inqilobiy qadam deb atadi.

— Olmaliq kon-metallurgiya kombinati maʼlumu mashhur, uni dunyo biladi. 70 yil davrda bu kombinat tomonidan 1.5 mlrd tonna ruda qazib olingan. Raqamlarni aytish oson, 6 mln. tonna mis, 850 tonna oltin qazib olingan. Kombinatning mamlakat sanoatidagi ulushi 7 foiz, eksport hajmidagi hissasi esa 15 foizga toʻgʻri keladi. Davlatimiz byudjetiga tushadigan jami daromadlarni 8 foizini ushbu kombinat taʼminlaydi. Bu yerda ish boshlaganimizga 3 yil boʻlishiga qaramasdan, mis ishlab chiqarish hajmi 1.5 baravarga koʻpaydi. Bular hammasi koʻp millatli minglab ishchilarning oliyjanob mehnati tufaylidir, pandemiya paytida ushbu kombinatda ish bir kun ham toʻxtagani yoʻq, ular oʻz qahramonligini koʻrsatyapti.

Xorijiy laboratoriyalarda olib borilgan tadqiqotlar va xalqaro baholash mezonlariga koʻra, bu yerdagi misning yalpi zaxirasi 45 million tonna, oltin zaxirasi esa 5 ming tonnadan ziyodni tashkil etishi aniqlandi, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Fabrika loyihasi qiymati 2 mlrd dollar. Rossiyaning “Gazprombank” va Vneshekonombank kreditlari hisobidan moliyalashtiriladi. Quruvchilar- “UZTM-Karteks” va “Enter Engineering”.

Shavkat Mirziyoyevning maʼlum qilishicha, ushbu loyiha ishga tushsa, uning koʻrsatkichi 8mlrd dollarga yetadi. Eng kamida yuqori texnologik 11 ming ish oʻrni yaratiladi.

2024-yilda ishga tushadigan mazkur fabrikada OKMK ning rudani qayta ishlash quvvati 40 mln tonnadan 100 mlnga, mis katodi ishlab chiqarish 148.5 ming tonnadan 290 ming tonnaga, oltin 17 tonnadan 38 tonnaga, kumushni 160 tonnadan 203 tonnaga oshadi.

Maʼlumot uchun, Olmaliq shahrida 130 ming aholi yashasa, 27 ming olmaliqliklar OKMKda ishlaydi. 16 xil turdagi mahsulotlar 17 ta davlatga eksport qilinadi. OKMK mamlakatdagi 90% misni qazib, qayta ishlaydi.

Xalqaro ekspertlarning fikricha, elektromobillar, elektrotexnika va qayta tiklanuvchi energiya sohalarining rivojlanishi evaziga 2030-yilga borib dunyoda misga boʻlgan talab kamida 30 foizga oshishi kutilmoqda.