Bugun TDTU Olmaliq filialining 2023-2024-o‘quv yili bitiruvchilariga tantanali diplom topshirish tadbiri o‘tkazildi.
Tadbirda bitiruvchilar, ularning ota-onalari, filial rahbariyati va faxriy mehmonlar – TDTU rektori, akademik S.M.Turabdjonov, Toshkent viloyat hokimining o‘rinbosari J.Bobojonov, Olmaliq shahar hokimining o‘rinbosari S.Ahmedov, OKMK O‘quv markazi direktorining o‘rinbosari M.Tagayev ishtirok etdi.
“Saodat kaliti – ilmdadir” deb nomlangan tantanali tadbirda so‘zga chiqqanlar katta hayotga uchirma bo‘layotgan bakalavr ta’lim yo‘nalishi va magistr mutaxassisligi bitiruvchilariga kelajakdagi ishlarida omad tilab, ularning oldida koʻplab yangi imkoniyatlar mavjudligini taʼkidladi.
Shundan so‘ng faxriy mehmonlar tomonidan bitiruvchilarga mutaxassislik diplomlari tantanali topshirildi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqan ota-onalar va bitiruvchilar oliy ta’lim muassasasi jamoasiga, professor ustozlarga o‘z minnatdorligini bildirdi.
Ma’lumot o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, 2023-2024 o‘quv yilida TDTU Olmaliq filialini 784 nafar bitiruvchi tugallagan bo‘lsa, ulardan 1 nafari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti stipendiyasi sohibi, 3 nafari Islom Karimov va Beruniy nomidagi davlat stipendiyasi sohiblaridir.