Yurtimizda Futbol boʻyicha U 23 Osiyo kubogi-2022 musobaqalari davom etmoqda. Kecha “D” guruhida ikkinchi tur oʻyinlari boʻlib oʻtdi. Unda Yaponiya va Saudiya Arabistoni futbolchilari 0-0 hisobida durang oʻynashgan boʻlsa, Birlashgan Arab Amirliklari yoshlari tojikistonliklarni 2-0 hisobida magʻlub etishdi.
Bugun “A” va “V” guruhida uchinchi tur oʻyinlari boʻlib oʻtadi. “A” guruhida yurtdoshlarimiz Eron termasi, turkmanistonliklar esa Qatar termasi bilan uchrashadi. “V” guruhida Avstraliya – Iordaniya hamda Iroq – Quvayt bahslashadi.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston termasi ikki turdan soʻng keyingi bosqich masalasini hal etib boʻlgan.