O'yinlarning ochilish marosimi mahalliy vaqt bilan soat 20:00 da Milan va Livino qor bog'ida bir vaqtning o'zida bo'lib o'tadi. 2026-yilgi Milan-Kortina qishki Olimpiadasining ochilish marosimida dunyoning turli burchaklaridan kelgan sportchilar ishtirok etib, o'z mamlakatlarining bayroqlarini ko'tarib chiqishadi.
Mezbon davlat sifatida Italiya 4 ta bayroqdorni taqdim etadi. Sportchilar paradi bir vaqtning o'zida to'rtta turli joyda bo'lib o'tadi. Asosiy tantanali marosim Milan shahridagi mashhur “San-Siro” Olimpiya stadionida bo'lib o'tadi. Bundan tashqari, Predatstso, Livino va Kortina-d’Ampetstso shaharlarida mukofotlash marosimlari va sportchilar paradi ham bir vaqtda o'tkaziladi.
Milan-Kortina-2026 qishki Olimpiadasining ochilish marosimi “Balich Wonder Studio” studiyasi tomonidan tashkil etilgan. Tashkilotchilar ushbu keng ko'lamli xalqaro tadbirga yangi va inklyuziv format berish niyatida ekanliklarini ma'lum qildi.
Shuni ta'kidlash kerakki, Italiya o'z tarixida to'rtinchi marta Olimpiya o'yinlarini o'tkazadi. Bu mamlakatdagi uchinchi qishki Olimpiya o'yinlari. Bungacha Qishki Olimpiya o'yinlari Kortina-d’Ampetstso (1956) va Turin (2006) shaharlarida bo'lib o'tgan edi.
2026-yilgi Olimpiya o'yinlari 6 – 22-fevral kunlari Italiyaning Milan va Kortina-d’Ampetstso shaharlarida bo'lib o'tadi. Ularda 90 dan ortiq mamlakatdan taxminan 2900-3500 sportchi ishtirok etishi kutilmoqda. Musobaqada 16 sport turi bo'yicha 116 ta medallar o'ynaladi, deb xabar berdi oz.inform.kz.