Bugundan “Mening bogʻim” loyihasiga start berildi

    Fuqarolar 2024-yilning 10-20-iyun kunlari “Ochiq byudjet” axborot portalida “Mening bogʻim” loyihalari boʻyicha oʻz takliflarini kiritishlari mumkin.

    Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 26-martdagi 156-son qarori bilan tasdiqlangan “Jamoatchilik fikri asosida ishlab chiqilgan «Mening bogʻim” loyihalarini shakllantirish va moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisida»gi nizomga asosan, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Respublika byudjetidan har yili ajratiladigan mablagʻlarning kamida 50 foizi “Ochiq byudjet” axborot portali orqali “yashil bogʻ” va “yashil jamoat parklari” loyihalarini moliyalashtirishga yoʻnaltirilmoqda.

    Joriy yilda ushbu loyihani amalga oshirish uchun jami 52 milliard soʻm mablagʻlar ajratiladi. 208 ta tuman va shaharlarga teng ulushlarda, 250 mln soʻmdan kam boʻlmagan miqdorda taqsimlanadi.

    Tuman (shahar) hokimliklari huzuridagi ishchi guruh va Ekologiya vazirligining hududiy boʻlinmalari tomonidan joriy yil 20-iyundan 23-iyungacha kelib tushgan loyihalar belgilangan mezonlar asosida tanlab olinadi va ovoz berishning navbatdagi bosqichiga oʻtkaziladi.

    Fuqarolar 2024-yil 23-iyundan 3-iyulgacha “Ochiq byudjet” portalidagi eng yaxshi loyihalar uchun ovoz berishlari mumkin.

    Eng koʻp ovoz toʻplagan loyihalar manzilli roʻyxati asosida moliyalashtiriladi.