Abituriyentlar telefon raqamini avtorizatsiyadan oʻtkazib, pasport maʼlumotlari, doimiy yashash manzili va tugatgan taʼlim muassasasi boʻyicha maʼlumotlarni kiritishlari, shuningdek, imtiyozlari mavjud boʻlsa, ularni tekshirishlari hamda chet tilidan milliy yoki xalqaro sertifikatga ega boʻlsa, sertifikat maʼlumotlarini kiritishlari mumkin.
Taʼlim yoʻnalishlarini esa 2022/2023 oʻquv yili uchun qabul parametrlarining taʼlim tillari boʻyicha taqsimoti tasdiqlanganidan soʻng tanlash mumkin boʻladi.
Abituriyentlarni roʻyxatga olish Davlat test markazining my.dtm.uz sayti va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali onlayn amalga oshiriladi.
Roʻyxatga olish 20-iyulga qadar (20-iyul kuni ham) davom etadi va abituriyentlar 20-iyulga qadar oʻz maʼlumotlarini oʻzgartirishlari hamda chet tilidan milliy yoki xalqaro sertifikatga ega boʻladigan boʻlsa, sertifikat maʼlumotlarini kiritishlari mumkin boʻladi.
Chet tilidan kasbiy (ijodiy) imtihon oʻtkaziladigan bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga onlayn roʻyxatga olish esa 10-iyulga qadar (10-iyul kuni ham) amalga oshiriladi.