Bugundan oʻzini oʻzi band qilgan taksichilar soligʻini agregatorlar toʻlaydi

    2025-yil 2-iyuldan boshlab yillik daromadi 100 mln soʻmdan oshgan oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarning soliqlari soliq organlari xabarnomasi asosida agregatorlar (soliq agentlari) tomonidan toʻlov manbaida ushlab qolinadi.

    Bu haqda soliq qoʻmitasi axborot xizmati maʼlum qildi.

    Qayd etilishicha, bu orqali fuqarolar soliq hisob-kitoblari va hisobotlarini topshirishdagi ovoragarchiliklardan xalos boʻladi.

    Bugungi kunda respublikamizda 776,7 mingta oʻzini oʻzi band qilgan jismoniy shaxs yengil avtotransport vositasida yoʻlovchilarni tashish hamda buyurtma asosida tovarlarni yetkazib berish yoʻnalishida roʻyxatdan oʻtib faoliyat yuritmoqda.

    Joriy yilning 1-iyul holatiga mijozlarni izlash boʻyicha interaktiv xizmatlarni koʻrsatuvchi 208 ta yuridik shaxslar – onlayn taksi agregatorlari soliq organlarining axborot tizimlari bilan toʻliq integratsiyalashgan. Ular orqali 430 mingdan ortiq oʻzini oʻzi band qilgan haydovchilar aholiga yoʻnalishsiz taksi xizmati koʻrsatmoqda. Ushbu agregatorlar tomonidan davlatga 89,6 mlrd soʻm soliq toʻlangan.

    Maʼlumot uchun: joriy yil davomida 189 ta oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarning yillik daromadi 100 mln soʻmdan oshgan.

    Yandex Uzbekistan platformalaridagi oʻzini oʻzi band qilgan haydovchilar va kuryerlar uchun soliqni toʻlash jarayonini avtomatlashtirgan birinchi kompaniya boʻldi.