24-avgustdan Kinematografiya agentligi “Oʻzbekfilm” kinokonsernida 28-sentabr — 3-oktyabr kunlari boʻlib oʻtishi kutilayotgan “Ipak yoʻli durdonasi” XIII Toshkent xalqaro kinofestivalining maxsus ishchi guruhi oʻz ish faoliyatini boshladi. Shu munosabat bilan bugun kinokonsern pavilyonida festival ishchi guruhi bilan tanishuv marosimi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Agentlik Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov soʻzga chiqib, Toshkent xalqaro kinofestivali davomida boʻlib oʻtadigan voqeliklarga batafsil toʻxtaldi hamda hamkor tashkilotlar va OAV vakillariga minnatdorchilik bildirdi. Shuningdek, Bosh direktor kinofestivalga 15dan ortiq davlat ishtirokchilari tashrif buyurishini maʼlum qildi.
Bundan tashqari, oʻzbek kinosining ustoz kinoijodkorlari ham Toshkent xalqaro kinofestivali bilan bogʻliq xotiralarni yodga olib, ishchi tarkibga omad tilashdi. Tadbir davomida yoshlar va OAV vakillari “Ipak yoʻli durdonasi” XIII Toshkent xalqaro kinofestivaliga tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishishdi.
Eslatib oʻtamiz, besh kun davom etadigan kinofestival Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan qayta tiklandi. Endilikda kinofestival Oʻzbekiston Kinematografiya agentligi tomonidan joriy yildan boshlab har yili 28-sentyabr – 3-oktabr kunlari oʻtkaziladi.
Kinematografiya agentligi Axborot xizmati