Bugungi kunga qadar 530 ming nafardan ortiq oʻquvchi 1-sinfga qabul qilindi, deb xabar beradi Xalq taʼlimi vazirligi axborot xizmati.

Taʼkidlanishicha, ota-onalarga qulaylik yaratish va qabul jarayonlarini tartibli tashkil etish maqsadida 1-sinfga qabul 2 bosqichda, yaʼni 31-iyulga qadar mahalliy hokimlik qarorlari bilan biriktirilgan mikrohudud doirasida, 1-avgustdan soʻng esa mikrohududdan tashqari hududlar boʻyicha amalga oshirilishi belgilangan.

Maktabga qabul 25 ta shahar va tumanlardagi 816 ta umumtaʼlim maktablarida 1-sinfga qabul jarayonlari elektron shaklda (my.maktab.uz), qolgan hududlarda esa belgilangan tartibda anʼanaviy shaklda, yaʼni bevosita maktabda amalga oshirilmoqda.

1-sinfga qabul jarayoni bilan bogʻliq ota-onalarning murojaatlarini koʻrib chiqish uchun Xalq taʼlimi vazirligida Call-markaz tashkil etilgan va unga shu kunga qadar 7 mingga yaqin murojaat kelib tushgan. Murojaatlar mutaxassislar tomonidan oʻrganilib, qisqa muddatlarda hal etilmoqda.

Vazirlik ota-onalarga “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonun talabiga muvofiq, 1-sinfga ular 7 yoshga toʻladigan yilda qabul qilinishi hamda elektron qabul jarayonlari yuzasidan savollari bilan Vazirlikning Sall-markazi 71-203-07-04 ga qoʻngʻiroq qilib, murojaat etishlari mumkinligini eslatdi.