Bir paytlar dunyo tamadduniga poydevor qoʻygan allomalarga beshik boʻlgan zaminimiz jahon hamjamiyati koʻz oʻngida tobora yasharib, yangilanayotgan Oʻzbekiston sifatida namoyon boʻlmoqda. Ayniqsa, oxirgi yillardagi islohotlar ijtimoiy hayotning barcha jabhasini qamrab oldi.
Xalqimizning, jumladan, yoshlarning ertangi kunga, kelajakka munosabati tubdan oʻzgardi. Birgina ilm-fan va taʼlim sohasidagi yangilanishlar tufayli oʻqituvchilarning jamiyatdagi nufuzi va maqomi keskin oshdi. Ilgari kasbga yoʻnaltiruvchi soʻrovnomalarda yoshlar koʻproq sud-huquq, bank-moliya sohasida ishlash istagini bildirgan boʻlsa, bugun pedagogikaga qiziqish ommaviy tus olayotganiga guvoh boʻlyapmiz.
Tarixning shohidlik berishicha, muallim zotiga ehtirom oshgan pallalarda rivojlanishning oʻziga xos bosqichi — Renessans boʻy koʻrsatgan. Uning poydevorini qoʻygan, ilm ahlini qoʻllab-quvvatlagan insonlar nomi tarix bitiktoshlariga muhrlangan. Bugun xalqimiz ana shunday muhim bosqich ostonasida turibdi. Keyingi toʻrt yilda mamlakatimizda 134 ta yangi maktab qurildi. 2 ming 965 ta umumtaʼlim muassasasi rekonstruksiya qilinib, tubdan taʼmirlandi. Shakl va mazmun jihatidan ilgari yurtimizda boʻlmagan mutlaqo yangicha, zamonaviy oʻquv dargohlari — Prezident maktablari, ijod maktablari va ixtisoslashtirilgan maktablar barpo etildi. Bunday shart-sharoit va gʻamxoʻrlikka javoban oxirgi bir yarim yilda iqtidorli oʻquvchilarimiz xalqaro olimpiadalarda 4 ta oltin, 18 ta kumush, 30 ta bronza medalni qoʻlga kiritdi. Taʼlim muassasalarining koʻplab bitiruvchilari chet ellardagi nufuzli oliy taʼlim muassasalarining grantiga munosib koʻrilmoqda.
Kuni kecha mamlakatimizdagi umumtaʼlim muassasalarida oʻtkazilgan soʻnggi qoʻngʻiroq tadbirlarida bu eʼtibor yana bir karra boʻy koʻrsatdi. Avvalgi yillardan farqli ravishda bu yil mustaqil davlatchiligimiz tarixida ilk bor Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti mamlakatimiz maktablarini bitiruvchi oʻgʻil-qizlarga dil izhori, ezgu istaklari bitilgan tabrik yoʻlladi. Davlatimiz rahbarining murojaati bayramona shukuh, yuqori kayfiyat ulashuvchi bitiruv marosimiga oʻziga xos mazmun baxsh etdi. Umumtaʼlim muassasalarini tamomlab, qoʻliga yetuklik shahodatnomalarini olayotgan 438 ming nafar oʻquvchi bilan birga, taʼlim sohasining barcha xodimlarini ertangi kunga, yangi muvaffaqiyatlarga undadi.
Qutlugʻ ostonada turgan yoshlarning kechinmasini his etish uchun faqat yoshlikka qaytishning oʻzi kifoya qilmaydi. Ularga yaratilgan qulay shart-sharoitdan bahramandlik ham zarur. Hozir ilm egallash, kasb-hunar oʻrganib, kelajakka poydevor qoʻyish uchun bunday keng imkoniyat Oʻzbekiston yoshlarida mavjud. Bu eʼtiborga javoban yurt farzandlaridan oʻz oldiga yuqori maqsadlar qoʻyib, vaqtini behuda oʻtkazmay, doimo bilim va koʻnikmasini oshirib borish, yangi kasb-hunarlarni egallash va eng asosiysi, oʻz maqsadi sari tinmay harakat qilish talab etiladi.