Oʻtgan yilda OIV infeksiyasiga tekshiruvlar soni 700 mingdan 3,5 millionga yoki 5 barobarga ortdi.
Hukumat tomonidan dori vositalarini moliyalashtirish 80 foizni tashkil etib, Xalqaro tashkilotlar tomonidan 20 foiz holatlarda dorilarni Respublikamizga olib kirilishi hamda kasallik aniqlanishi bilanoq, barcha bemorlarga dori vositalarini berib borish yoʻlga qoʻyildi.
18 yoshgacha boʻlgan OIV infeksiyasiga chalingan bolalarga ijtimoiy nafaqalar berib borilishi yoʻlga qoʻyildi.
Joriy yilda “Aholi orasida OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga doir 2023-2027-yillarga moʻljallangan kompleks chora-tadbirlar dasturi”ni amalga oshirish maqsadida 120 mlrd soʻm va 54 mln dollar yoʻnaltiriladi.
Mazkur dastur doirasida:
a) OIV infeksiyasini erta aniqlash, tashxislash va davolash sifatini oshirish maqsadida:
har yili kamida 3 mln aholi tekshiruvlar bilan qamrab olinadi va buning uchun 11,4 mln dona diagnostik test-tizimlari hamda 587 mingta diagnostik vositalar, 50 ming nafar aholini maxsus davolash kurslari bilan qamrab olish uchun 22 turdagi retrovirusga qarshi dori vositalari xarid qilish;
OIV infeksiyasini onadan bolaga yuqishiga barham berish maqsadida OIV infeksiyali onalardan tugʻilajak 2 ming nafardan ortiq 6 oygacha boʻlgan bolalarni quruq sut aralashmalari bilan taʼminlash;
b) sogʻliqni saqlash tizimi tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlikda OIV infeksiyasi yuqishi ehtimoli yuqori guruhlar orasida profilaktik tadbirlar hamda aholi orasida keng targʻibot-tushuntirish ishlarini olib borish;
v) 2023-yil 1-iyunga qadar Toshkent shahri va Sirdaryo viloyatida, yil yakuniga qadar esa boshqa hududlarda FHDYO organlari va tibbiyot muassasalari oʻrtasida nikohlanuvchi shaxslarni OIV infeksiyasi boʻyicha majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtkazish boʻyicha elektron maʼlumot almashinuv tizimini joriy etish;
g) 2023-yil yakuniga qadar OIV infeksiyasi aniqlangan holatlar monitoringini taʼminlash, real vaqt rejimida dori va diagnostik vositalarning harakatlanishini kuzatib borish imkonini beruvchi elektron axborot tizimini yaratish;
d) Respublika OITSga qarshi kurash markazi laboratoriyasini xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazish va oʻtkazilgan tekshiruvlar natijalarini xalqaro miqyosida tan olinishiga erishish;
ye) hududiy OITSga qarshi kurash markazlari va ularning
tumanlararo laboratoriyalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish,
j) mutaxassislarning kasbiy salohiyatini oshirish maqsadida kamida 50 nafar tibbiyot xodimlarini xorijga malaka oshirishga yuborish, OIV infeksiyasi boʻyicha fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni amalga oshirish koʻzda tutilgan.
AOKAda oʻtkazilgan brifingda Respublika OITSga qarshi kurash markazi direktori oʻrinbosari Gulifor Normuratova tizimda 2022-yilda olib borilgan ishlar hamda joriy yilda rejalashtirilgan chora-tadbirlar haqida maʼlumot berdi.