Mutaxassislar maʼlumotiga koʻra, bu yil yozning tafti biroz baland boʻldi. Demak, qishning ham qahri qattiq kelishi ehtimoli yoʻq emas. Shuning uchun sinov mavsumi – kuz-qishga puxta hozirlik koʻrish va ayni kunlarning har damidan oqilona foydalanish zarur.
Odatda, xalqimiz qish gʻamini yozda koʻradi. Axir mavsumning betalafot, koʻngildagidek oʻtishi bugungi saʼy-harakatlarga bogʻliq-da. Shu bois, Navoiy viloyatida bu gal ham kuz-qish mavsumi yumushlariga taraddud barvaqt boshlandi.
Bu bilan bogʻliq kommunal sohaning nainki aholi turmush darajasi, balki jamiyatdagi ijtimoiy muhitga ham taʼsiri gʻoyatda katta. Yurtimizda mazkur tarmoqning samarali faoliyat yuritishini taʼminlash, bu borada xizmat koʻrsatish boʻyicha zamonaviy bozor mexanizmini shakllantirishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Natijada mamlakatimizda uy-joy fondini boshqarish va undan foydalanishning mutlaqo yangi tizimi shakllandi.
Bugungi kunda Navoiy viloyatida 58 ta xizmat koʻrsatuvchi boshqaruv kompaniya faoliyat yuritib, ular tomonidan hududlardagi barcha koʻp xonadonli uylarga xizmat koʻrsatilyapti. Ularning ishiga kuz-qish mavsumiga koʻrilgan tayyorgarlik, umumiy foydalanish maydonlarining obodligiga qarab haqiqiy baho berish mumkin.
— Ayni vaqtda kuz-qish mavsumiga oʻtgan yilda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar va kuzatilgan muammolardan xulosa chiqargan holda tayyorgarlik olib bormoqdamiz. Ayniqsa, koʻp qavatli uylar boʻyicha alohida chora-tadbirlarni amalga oshiryapmiz. Har bir uy oʻrganilib, nuqson dalolatnomalari tuzib chiqildi va shu asosida taʼmirlash, tiklash ishlarini boshladik. 364 ta koʻp qavatli uyda mavjud kamchiliklar tezda bartaraf etiladi. Kuz-qish mavsumiga tayyogarlik doirasidagi ishlar uchun bu yil 45 milliard soʻmga yaqin mablagʻ yoʻnaltirish koʻzda tutilgan. Shuningdek, boshqaruv kompaniyalari va boshqa tashkilotlar hisobidan ham mablagʻ ajratilishi rejalashtirilgan. Jarayonlar 1-oktyabrga qadar yakunlanishi belgilangan, — deydi viloyat Qurilish va uy-joy komunal xoʻjaligi boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Nuriddin Jumaniyozov.
Navoiy shahridagi “Xumo-Zilola barhayot” professional boshqaruv kompaniyasi 101 ta uy, 6 442 ta xonadonga xizmat koʻrsatadi. Kompaniya oʻzini oʻzi oqlamagan 6 ta shirkatni birlashtirgan holda 2021-yilning avgust oyida faoliyatini boshlagan edi. Bugungi kunda 14 560 nafar aholiga 40 ga yaqin xizmat turini koʻrsatib kelmoqda. Shuningdek, kompaniya oʻz hududidagi uy boshqaruvchilariga aholidan kommunal toʻlovlarni oʻz vaqtida toʻlashlarini targʻib qilib, aholi orasida muntazam tushuntirish ishlari olib bormoqda.
— Kompaniyamizda 110 nafar ishchi-xodim mehnat qiladi va 24 soatlik distpetcherlik xizmati yoʻlga qoʻyilgan. Bu degani, murojaatlar tunu kun qabul qilinadi. Koʻp qavatli uylarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash boʻyicha ham ishlar qizgʻin davom etmoqda. Jumladan, “Janubiy” mahallasidagi 21 ta koʻp qavatli uyning tom qismi va yertoʻlasi mukammal taʼmirlandi. Eskirgan quvurlar yangisiga almashtirilmoqda. Bosqichma-bosqich xizmat koʻrsatish sifatini yanada oshirmoqdamiz, — deydi “Xumo zilola barhayot” professional boshqaruv kompaniyasi rahbari Jahongir Qodirov.
Kuz-qish tadorigini bugundan koʻrish, ertangi kun halovatini taʼminlaydi. Zero, bugungi har bir harakat mavsumni samarali oʻtkazishga oʻz vaqtida yaratilgan imkoniyatdir. “Issiqlik manbai” davlat unitar korxonasi Navoiy filiali 1242 ta koʻp qavatli uyga, xususan, Navoiy shahri hududidagi 738 ta koʻp qavatli uy va 24 ta yotoqxonani issiqlik bilan taʼminlaydi. Korxona tassarufida 430 kilometr issiqlik tarmogʻi boʻlib, shundan 230 kilometrdan ziyodi Navoiy shahriga toʻgʻri keladi. Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonida korxona tomonidan 11 kilometr issiqlik tarmogʻini mukammal taʼmirlash koʻzda tutilgan edi. Hozirgacha 90 foizga yaqin ish bajarildi. Korxona xodimlari tomonidan olis hududlardagi qozonxonalarda ham joriy va mukammal taʼmirlash ishlari jadal olib borilmoqda.
Yashirishning hojati yoʻq, avvallari kommunal xizmat sohasidagi muammolar aholi, xususan, koʻp qavatli uylarda istiqomat qilayotgan odamlarning haqli eʼtirozlariga sabab boʻlayotgandi. Ayniqsa, qish faslida oxirgi qavatdagi xonadonlar egasi tomdan suv oʻtishidan aziyat cheksa, pastki qavatdagilar yertoʻladagi badboʻy hiddan nolishardi. Bundan tashqari, issiq va sovuq suv tarmoqlaridagi nosozliklar, isitish tizimida kamchilik yuzaga kelishi oddiy holga aylanib qolgan edi. Bugun bunday holatlarni deyarli uchratmaysiz, ijobiy oʻzgarishlar salmoqli. Karmana tumanidagi “Sardoba” mahallasi aholisi ham bundan 5–6 yil oldingi achinarli ahvolni yaxshi eslaydi.
— Shu mahallada qirq yildan buyon istiqomat qilaman. Uylarimiz ham, kommunal tarmoqlar ham juda taʼmirtalab holatga kelgandi. Ayniqsa, koʻp qavatli uylarning tom qismi butkul yaroqsiz boʻlib qolgan va yogʻingarchilik kunlarida tomchi oʻtardi. Soʻnggi yillarda vaziyat butunlay oʻzgardi, uylarimizning tom qismi toʻliq taʼmirlandi va boshqa muammolar ham hal etildi. Yaratilayotgan qulaylik va sharoitlardan aholi juda ham mamnun va mamlakatimizda, jumladan, tumanimizda ham inson qadri naqadar ulugʻlanayotganini koʻz bilan koʻrib, hayotimizda his qilib turimbmiz, – deydi mehnat faxriysi Farhod Oʻroqov.
Chindan ham, soʻnggi yillarda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayoniga jiddiy eʼtibor qaratilayapti va bu yil ham ishlar jadal tus olgan. Ularning qanchalik sifatli, pishiq-puxta bajarilganini esa vaqt koʻrsatadi. Kuz-qish mavsumini betalafot oʻtkazish uning sinovlariga qanchalik puxta hozirlik koʻrilganiga bogʻliq. Ana shunda qish oʻchogʻi tor boʻlib qolmaydi.
Gʻolib ABDUSALOMOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri